«Iltimos»lar yoki ildiz otgan illatlar haqida

Chunki jamiyatdagi turli-tuman munosabatlar insonlar hayotining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Insonlararo munosabatlar buyruq, do‘q, po‘pisa, talab, so‘rov, o‘tinch, yalinish, shikoyat, iltimos va boshqa shu kabi ko‘plab shakllarda amalga oshadi. Bu munosabat shakllaridan eng ommabop va madaniyroq ko‘rinishdagisi iltimosdir.

Iltimos – ma’lum bir ehtiyojni qanoatlantirishga qaratilgan,  xizmat qiladigan madaniy murojaat turidir. Hatto biror bir nojo‘ya hatti-harakat sodir etilganligi tufayli so‘raladigan uzrxohlik, kechirim ham iltimos bilan aytilsa, uning ijobiy natijasiga umid qilsa bo‘ladi. Oddiygina “kechiring”, “uzr” deyilgandan ko‘ra, “Iltimos, uzrimni qabul qiling”, “Iltimos, meni kechiring”, “Iltimos, meni afv eting”, “Iltimos, bir qoshiq qonimdan keching!”, “Iltimos, gunohimdan o‘ting!” kabi murojaat shakllarining ta’sirchanligi o‘ta yuqori bo‘libgina qolmay, kishining naqadar madaniyatli ekanligini  ham namoyon etadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday iltimosning qanoatlantirilishi jamiyatda ko‘pchilik rioya etadigan adolat tamoyillariga zid kelmasligi lozim. Shu nuqtai nazardan qaraganda, iltimos ham o‘z mazmun-mohiyati, xarakter-xususiyatiga ko‘ra adolatli yoki adolatsiz bo‘lishi mumkin. Iltimosdan nafaqat adolat tarafidagi insonlar, uning aksi bo‘lgan razolat tarafidagi insonlar ham o‘zlarining g‘arazli maqsad va manfaatlari yo‘lida foydalanadilar.

Yaqin o‘tmishimizda jamiyat taraqqiyotiga xavfli to‘siq bo‘lgan byurokratiya, poraxo‘rlik, korrupsiya illatlarining avj olib ketishida iltimosning ham ma’lum o‘rni bor. Hayot davom etar ekan, kimgadir uy kerak, kimgadir mashina, yana kimga tomorqa, kimgadir sanatoriyaga yo‘llanma, kimga mebel va hokazo. Bunday ehtiyojlarning esa son-sanog‘i yo‘q. Ehtiyoj talab narsalar esa hammaga yetadigan darajada emas... Nima qilish kerak? Iltimos... iltimos qilish kerak!! Bularning ichida ishga, o‘qishga kirish har kim ham zabt eta olmaydigan iltimoslar dovonining eng baland cho‘qqisiga aylandi.

Boshqa sohalarni qo‘ya turaylik-da, har qanday mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda eng muhim o‘rin egallaydigan ta’lim tizimida avj olgan iltimosning tag zaminiga birrov nazar tashlaylik.  Deylik, bolamizni bog‘chaga bermoqchimiz. Bog‘cha mudirasi, bog‘cha xuddi uning shaxsiy tomorqasidek, masalani ko‘ndalang qo‘yib, joy yo‘q, deydi. Iloj qancha, yo‘l qidirasiz. Axir u bolangizni bizning bog‘chaga bering, deb sizdan so‘rayotgani yo‘q, aksincha siz bolamni bog‘changizga qabul qiling, deb iltimos qilyapsiz. Iltimos esa quruq bo‘lmaydi... Joy ham topiladi. Aytaylik, bolangizni maktabga bermoqchisiz. Siz murojaat qilgan maktab direktori esa o‘rin to‘lgan, deydi. Na iloj, yana iltimos qilasiz yoki iltimos qildirasiz. O‘rin tabiiy topiladi. Navbat oliy o‘quv yurti ostonasiga keldi... Bu tomoni  og‘irroq. Yana iltimos qila oladigan odam qidirasiz. Topasiz ham.

Iltimosning ta’siri iltimos qiluvchining mansabiga, el-ulus oldidagi obro‘-e’tiboriga qarab ham har xil bo‘lishi mumkin. Oddiy odamning iltimosi unchalik katta kuchga ega bo‘lmaydi. Mansab egasi yoki amaldor shaxsning iltimosi esa katta  kuchga ega bo‘ladi. Mana shu tariqa byurokratiya bo‘y cho‘zgan yaqin o‘tmishimizda iltimosdan adolatsizlik yo‘lida foydalanish avj oldi. Oqibatda esa poraxo‘rlik va korrupsiya kuchayib bordi. Bu illatalardan ko‘z yumildi, ularning keng tus olishiga to‘siq bo‘ladigan kuch topilmadi. Shunday qilib, ta’lim tizimida iltimos byurokratiya, poraxo‘rlik va korrupsiyaning ajralmas bo‘lagiga aylanib qoldi.

Hayotda bir insonning faoliyati boshqa insonlarning faoliyatlari bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liqdir. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan sayoz bilimli, layoqatsiz, ma’lum iqtidor va iste’dodga ega bo‘lmagan talabalar amal-taqal qilib o‘qishni ham bitirib oladi. Endi ular yana o‘sha taxlit iltimoslar bilan ishlab chiqarishga, jamiyatni boshqarishga, ta’lim tizimiga, davolash muassasalariga va boshqa joylarga borib ishga joylashadilar.  Mana shu tariqa, iltimoslarning kuchi bilan mamlakatda uzib bo‘lmaydigan zanjir tizim vujudga keldi. Oxir oqibatda nima bo‘ldi?.. Sifatsiz ta’lim, bilimsiz o‘quvchi, layoqatsiz talaba, jamiyatni, mamlakatni, millat taqdiri va kelajagini o‘ylamaydigan, o‘z shaxsiy manfaatini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yadigan xudbin, jamiyat uchun yaroqsiz kadrlar yetishtirish avj oldi.

Ta’lim tizimida o‘qishga kirish va o‘qish davrida iltimos qilish maishiy korrupsiyaning ajralmas bir qismi darajasida shakllandi. Boshqacha qilib aytganda, huquq va axloq me’yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan, har qanday ishni amalga oshirishga qurbi yetadiganiltimos qilish” normal holatga aylandi. Oliy ta’lim tizimidagi iltimoslar jarayoni abituriyent o‘qishga kirgan kundan boshlanadi. Bu iltimoslar dars o‘tadigan o‘qituvchilarni darsni o‘tish davridan to semestr tugab, yakuniy nazoratlar olib bo‘lingunicha muttasil ta’qib etib boradi. Natijada dars o‘tgan o‘qituvchilar talabalarning bilimini nisbatan bo‘lsa ham, adolatli, xolisona, bilimiga yarasha baholay olmaydilar. Oqibatda yaxshi o‘qiydigan, intiluvchan talabalarning bilimi pastroq baholanaadi, darslarga kelmaydigan, fanni yoki mavzuni yetarli bilmaydigan, no‘noq talabalarning bilimi iltimoslar tazyiqi ostida yuqoriroq baholanadi. Bu holni atrofdagilar, hamma ko‘rib turadi, ammo bu boradagi adolatsizlik yillar davomida shakllanib, tomir otib ketganligi tufayli, hech kim unga e’tiroz bildirmaydi. Oqibatda bu illat yana ham chuqurroq, yana ham kengroq tus ola boradi. Natija  barchaga ayon...

Ta’lim tizimida ijtimoiy tartibni o‘rnatish, uning zamon bilan hamnafas taraqqiyotini ta’minlash, bu tizimdagi byurokratik va korrupsion holatlarga qarshi samarali kurashish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Qarorda oliy ta’lim sifatining oshishiga hamda oliy ta’lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar o‘rinli ko‘rsatilgan. Chunonchi, oliy ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayotganligi alohida ta’kidlangan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizom” ishlab chiqilib, bunda asosiy e’tibor: baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga, ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars beradigan o‘qituvchilarning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etish, semestr yakuni bo‘yicha akademik qarzdor talabalarning qayta topshirishi mumkin bo‘lgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini o‘zgartirishga qaratildi. Ushbu Qaror va vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomning amalga tatbiq etilishi bilan oliy ta’lim muassasasida dars o‘tadigan o‘qituvchi yakuniy nazoratlar qabul qilishdan ozod etiladi. Bu bilan talaba bilimining noto‘g‘ri, noxolis, adolatsiz, nomunosib baholanishiga olib keladigan iltimoslarning ildiziga butkul bolta uriladigan bo‘ldi.

Davr o‘zgardi, zamon o‘zgardi, muhit o‘zgaryapti, shu jumladan odamlar ham o‘zgaryapti. Endi bugungi kun odami o‘z kuchiga, aqliga, bilimiga, iste’dodiga, layoqatiga ishonishi, mamlakatni boshqarayotgan rahbariyatga suyanishi va ularga tayanch bo‘lishi zarur.

“Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda, test jarayonlarini o‘tkazishda adolatli mezon qo‘llanildi. Bu jarayonda iltimosga hech qanday o‘rin qoldirilmadi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, bilimli, iqtidorli, iste’dodli yoshlar testlarni o‘z kuchlari  bilan yechib, o‘zlari tanlagan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdilar. Endi ularning hayotida iltimos tushunchasi kechagidek salbiy ma’no anglatmaydi. Endi ular ustozlarga qarata: “Aziz ustozlar, iltimos, bizga ilm o‘rgating, ilm cho‘qqilariga yo‘l ko‘rsating, dunyo ilm-fani asoslarini yaratgan ulug‘ alloma bobokalonlarimiz an’analarini davom ettiraylik!”, – demoqdalar. 

Farhod Nabiyev,

 SamDU professori,

Mardon Boltayev,  dotsent.