Imkoniyati cheklanganlarga keng imkoniyat

Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi munosabati bilan respublika ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat bo‘limida bir guruh sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda turizm va sport boshqarmasi, milliy paralimpiya assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.   

28 avgust – 7 sentyabr kunlari Bolgariyaning Kranevo shahrida sportning shashka turi bo‘yicha ko‘rish imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Ushbu musobaqada viloyatimizdan ishtirok etgan sportchilardan 4 nafari medallar bilan qaytdi. Musobaqada Samarqand davlat universiteti talabalari Abbosjon Ravshanov, Fayzulla Mardiyev, Samarqand chet tillar instituti talabasi Charos Balikova, Samarqand shahridagi 59-maxsus maktab-internati o‘quvchisi Mahbuba Xalilova oltin medalga sazovor bo‘ldi.

- Men ikki yo‘nalishda qatnashib, bitta oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdim, - deydi Samarqand chet tillar instituti 2-bosqich talabasi Ch.Balikova. - Bu yutuqlarimning zamirida albatta, ustozlarimning mehnati bor. Bugun taqdirlash marosimida yurtimizda barcha yoshlar qatori bizga ham teng imkoniyatlar yaratilayotganidan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

Tadbirda chempionlarning yetishib chiqishida o‘z mehnatini ayamagan ustoz-murabbiylarga ham minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sulaymon MARDIYeV.