Imom Buxoriy merosi butun ummatning mulki
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Jo‘ybori Kalon madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Panjob (Pokiston), Inonu (Turkiya) va Utara (Malayziya) universitetlari bilan hamkorlikda Imom Buxoriyning tavallud kuni munosabati bilan “Imom Buxoriy – buyuk muhaddis” mavzusida xalqaro ilmiy seminar o‘tkazildi.
Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan anjumanda markazning ilmiy xodimlari, hamkor muassasalar vakillari, Imom Termiziy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi olimlari hamda, Toshkent shahridagi “Minor” jome’ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov ishtirok etdi.
Tadbirda ma’ruzachilar Imom Buxoriy merosini o‘rganish borasidagi xalqaro hamkorlikning bugungi holati, muhaddis olimning buyuk mufassir va mujtahid sifatida islom ilmlariga qo‘shgan hissasi, fiqhiy qarashlari, “Al-Jomi’ as-sahih” asaridagi hadislar tahlili, asarning movarounnahrlik roviylari borasida ma’lumotlar berib, sunnatni inkor qiluvchilarning bu asarga nisbatan e’tirozlariga raddiyalar keltirdi.
Darhaqiqat, yurtimizda hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vatandoshimiz Imom Buxoriy siymosiga chuqur ehtirom ko‘rsatilib, uning ulkan ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Muhaddislar sultonining hoki abadiy qo‘nim topgan maskan qayta qurilyapti, uning yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat ko‘rsatyapti. Ushbu muassasa ilmiy xodimlari tomonidan 71 ta kitob va xalqchil risola nashrga tayyorlandi, 17 ta asar o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mahalliy va xorijiy nashrlarda 14 mingdan ziyod ilmiy maqola e’lon qilindi.
Seminar ishtirokchilari erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etib, bugungi geosiyosiy jarayonlar faollashgan bir davrda nosog‘lom kuchlarning islom dinidan tor geopolitik maqsadlarni qondirish yo‘lidagi urinishlariga ham e’tibor qaratdi. Tadbirda Imom Buxoriy, uning shoh asari “Sahihul Buxoriy”dagi hadislar haqida paydo bo‘layotgan uydirma va bo‘htonlar qattiq qoralanib, sunnatni inkor qiluvchilar e’tiroz bildirayotgan ayrim hadislarning to‘g‘ri tarjimasi va ilmiy asoslangan sharhlari bayon qilindi.
Qatnashchilar muqaddas dinimizning nufuz va sha’nini saqlash, islomning tinchlikparvarlik va insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yanada tushunarli, xalqchil tarzda ko‘rsatib berish, Imom Buxoriy kabi bobokalonlarimizning o‘lmas ma’naviy merosini yuzaga chiqarib, butun insoniyat mulkiga aylantirish, islomni qadrsizlantirishga behuda urinayotganlarning vayronkor faoliyatini ma’rifiy yo‘l bilan jilovlashning dolzarb ahamiyatini qayd etdi.
Seminarda Imom Buxoriy qoldirgan boy ilmiy va ma’naviy merosni izchil o‘rganish va keng tatbiq etishga oid qator amaliy takliflar bildirildi. Ma’ruzalarni to‘plam shaklida, bildirilgan takliflarni tavsiya tarzida chop etishga kelishib olindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.