Qilingan ishlar odamlarga qulayliklik yaratishgami yoki rahbarlar ko‘rishi uchunmi?
Samarqand shahridan Imom Buxoriy ziyoratgohiga eltuvchi ko‘cha viloyatda barcha talabga mos yagona yo‘l bo‘lsa kerak. Chunki ayni ko‘chaning qarama-qarshi yo‘nalishi maxsus to‘siqlar bilan ajratilgan. Yo‘l chetlarida tungi yoritish vositalari o‘rnatilgan, yashil yo‘laklar yaratilgan.
Va albatta, alohida piyodalar yo‘laklari (trotuarlar) qurilgan. Ammo bu yo‘laklar nomiga, xo‘jako‘rsin uchun qilinmaganmi?
Turizm Samarqandning drayveri hisoblanadi. Sohada ko‘proq daromad olishning asosiy yo‘li kelayotgan har bir sayyohni imkon qadar ko‘proq olib qolishdan iborat. Buning uchun albatta, sharoit va qulayliklar shunga mos bo‘lishi kerak.
Biroq yuqorida ta’kidlanganidek, Samarqand shahri va Imom Buxoriy ziyoratgohiga eltuvchi ko‘chada piyodalar va vilosayyohlar uchun tashkil qilingan yo‘laklar nomiga qurilgan.
Masalan, yo‘lakning qaysi joyidan ko‘cha kesib o‘tsa va bosh holatlarda qiyalik yo‘q.
Bunday holat ko‘pincha nafaqat velosipedda, balki yoshi kattaroq yoki jismoniy imkoniyati haminqadar odam uchun ham noqulaylik tug‘diradi.
Yana bir ajablantirgan jihat shuki, aksariyat hollarda magistral yo‘lga ulangan ko‘chalarni piyodalar kesib o‘tishi uchun "zebra" chizig‘i yo‘q.
O‘zbekkenti mahallasidagi aylana (krug) haqida avval ham aytgandik. Biroq negadir infratuzilmaning haminqadarligi e’tibordan chetda qoldirilmoqda.
Oqdaryo tumanidagi Boshdarxon mahallasi (xalq tilida Sayohat massivi)dan har minutda o‘nlab mashinalar kirib-chiqadi. Lekin bu yerga maxsus belgi va piyodalar yo‘lni kesib o‘tishi uchun yo‘lak tashkil qilish hech kimning yodiga kelmagan.
Bunday holatlarning eng ajablanarlisi, Imom Buxoriy ziyoratgohi yaqinidagi "Choshtepa" turizm qishlog‘ida. Chunki bu yerda ajoyib piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilgan bo‘lib, qishloqqa kirayotgan avtomobil yo‘lini piyodalar kesib o‘tishi ham belgilangan. Ammo "zebra" bo‘lishi kerakligi nima uchundir unutilgan.
Aslida keyingi holat ham bundan kam emas. Chunki, Imom Buxoriy majmuasiga 150-200 metr berida piyodalar yo‘lakchasi avtomobil yo‘li bilan kesishadi. Va ayni shu joyda hammasi - qurilish, tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatish ham tugaydi.
Tabiiy savol tug‘iladi, nega biror ishni sifatli, ayni damda talab darajasida amalga oshirish va yakunlash uchun aynan viloyat hokimi nazorat qilishi kerak?
Mutasaddilar, sohani nazorat qiluvchi shaxslar nima uchun bu ishlarni qabul qilib olayotganda oddiy, biroq muhim bo‘lgan bu jihatlarga e’tibor qaratishmaydi?
Yoqubjon Marqayev,
Asqar Barotov.