Imom Buxoriy majmuasi yaqinidagi qishloqlarga tabiiy gaz tarmog‘i tortilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 fevralda Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Payariq tumanidagi buyuk muhaddis Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini to‘liq rekonstruksiya qilish va uning hududini obodonlashtirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.
Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda mazkur qadamjo joylashgan Xartang va unga yaqin qishloqlarni ham obod qilish, hudud infratuzilmasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Pong, Bo‘yrachi, Xo‘ja Ismoil, Choshtepa qishloqlarining 1591 ta aholi xonadoniga tabiiy gaz tarmog‘i tortish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha qiymati 7 milliard 93 million so‘m bo‘lgan qurilish-ta’mirlash ishlari “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining qurilish va montaj boshqarmasi quruvchi-muhandislari tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Loyihaga ko‘ra, 14,2 kilometr masofaga tabiiy gaz tarmog‘i tortiladi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qurilish va montaj boshqarmasi boshlig‘i Akmal Yangiboyev. – Hozirga qadar qishloqlarni xalqa tarzida o‘rash maqsadida 3 kilometr masofaga quvur tashlandi. Tarmoq asosan, yer ostidan o‘tishi tufayli yer qazish ishlari zamonaviy mexanizmlar yordamida bajarilmoqda. Har bir ko‘chada alohida gaz taqsimlash qutilari o‘rnatilmoqda. Bu esa tabiiy gazni xonadonlarga bir me’yorda taqsimlash imkonini beradi. Yuqori bosimli gaz quvurlarini tortish ishlari yakunlanishi arafasida. So‘ngra, asosiy e’tibor aholi xonadonlariga gaz quvurlari tortishga qaratiladi.