Import boshqa davlat iqtisodiyoti uchun ishlayapti. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni esa paysalga solyapmiz

“Eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va ko‘lamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi bo‘lishi kerak».
Prezidentimizning 17 sentyabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bejizga bu fikrni keltirmadi. Chunki har qanday import boshqa davlat iqtisodiyoti rivoji uchun ishlaydi. Agar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan materiallar iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun ishlasa, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni import qilish iqtisodiyotimiz uchun yo‘qotish bo‘lmaydi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, viloyatda import hajmi o‘tgan yilning 8 oyiga nisbatan 18 foizga (675,1 million dollarga) oshib, 877,5 million dollarni tashkil etmoqda. Import tarkibi tahlil qilinganda texnologik asbob-uskunalar 11 foizga, metall va undan tayyorlangan buyumlar 2,5 barobarga, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar 45,6 foizga, farmatsevtika mahsulotlari importi 30,1 foizga o‘sgan. Ushbu turdagi mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish nechog‘li muhimligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Keling, kundalik iste’molimizda ishlatiladigan o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va uning importini tahlil qilsak. Viloyatimizda 16 ta o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi korxona to‘liq quvvatda ishlamasdan ularning ishchilari yilning katta qismini mehnat haqi to‘lanmasdan ta’tilga chiqariladi. Vaholanki, viloyatimizda xomashyo ham ishchi kuchi ham yetarli. Mahsulotga talab yuqori bo‘lganligi uchun tadbirkorlarimiz shu yilning 8 oyida 12 ming tonnadan ortiq kungaboqar, soya, palma, paxta va kokos yog‘i hamda qariyb 900 tonna margarin mahsulotini umumiy qiymati 9,9 million AQSh dollariga import qilgan. Bu import operatsiyalari bilan tadbirkorlarimiz qanchalik qiyinchilik bilan eksportdan topilayotgan valyutamizni Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina, Malayziya, Belarus va Turkmaniston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan.
Yana bir boshqa muammo - viloyatimizga chetdan olib kelingan texnologik asbob-uskunalarning to‘lig‘icha ishga tushirilmaganligi. Samarqand shahridagi “GLOVEX MEDICAL” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “SAM OSIYO MEBEL” xususiy korxonasi arzon xomashyo, “GLASS MIR” va “EXPORT IMPORTR GARANT, Qo‘shrabot tumanidagi “ATLAS MRAMOR”, Samarqand tumanidagi “OLOV TULPOR”, Urgut tumanidagi “GULBARG” mas’uliyati cheklangna jamiyatlari aylanma mablag‘lar muammolarini yecha olmaganligi sababli faoliyat yuritishmayapti. Ajratilgan valyuta mablag‘laridan kutilgan natija yo‘q - yaratilgan ish o‘rinlari bo‘sh, bozorbop mahsulot ishlab chiqarilmagan, ijtimoiy loyihalar manbai bo‘lgan byudjetga tushum yo‘q, bulardan tashqari, ishlamay turgan qurilmaning tez eskirish xavfi ham bor.
Viloyat hokimligi selektor yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mahalliylashtirish va mavjud kooperatsiya aloqalari doirasida ishlab chiqarilayotgan va import o‘rnini bosuvchi xomashyo, qo‘shimcha qismlar, butlovchi buyumlar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, bu yo‘nalishdagi korxonalar quvvatlaridan to‘liq foydalanish choralarini belgilab oldi.
Respublikamizga import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish, viloyatimizdagi yirik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalarining kichik biznes bilan xomashyo, qo‘shimcha qism va butlovchi buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish lozim. Import qilingan texnologik asbob-uskunalarni muddatida ishga tushirish, ularda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlash bugungi kunning talabidir.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ishbilarmonlarimizdan yurtimizda tadbirkorlikka yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiyani kengaytirish orqali yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda hissa qo‘shishlarini istaymiz.
Samarqand viloyati hokimligi.