Qadalayotgan chigitning 10 foizi xorijniki. Nega?

Bu yangilik o‘zini oqlaydimi?

Yaqin o‘tmishimizda paxta yetishtirish odamlarimizning asosiy daromad manbai edi. Sobiq ittifoq davridan qolgan bu an’anaga yangi davrda butunlay chek qo‘yildi: chigit ekish, g‘o‘za parvarishlash, yetishtirilgan hosilni yig‘ib olishga aholi ommaviy jalb qilinmaydigan bo‘ldi.

Ammo bu bilan qimmatli xom ashyoga e’tibor susaygani yo‘q. Endi yetishtirish va yig‘ib olish dehqonning o‘ziga qo‘yib berilib, hosilni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish choralari ko‘rilyapti.

Savol tug‘ilish tabiiy - bundan nima naf?

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida to‘qimachilik barcha hududlarimizda keng tarqalgan va aholini eng ko‘p band qilgan salohiyatli sanoat tarmog‘iga aylandi. Yurtimizda 6 mingdan ziyod korxonada 570 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari ishtirokida yig‘ilishda bu raqam qayd etilish barobarida, viloyatimizda ushbu yo‘nalishdagi ishlar ham e’tirof etildi. Xususan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” fabrikasi 11 ta hududiy filial ochgan. Buning afzalligi shundaki, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilish yoki sertifikat olish shart emas. Shu bois bu amaliyotni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

“Boston Consulting Group” xulosasiga ko‘ra, bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.

To‘qimachilik korxonalari uchun eng muhim masalalardan biri bu – xomashyo. Mamlakatimizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Lekin hozirda 1 million tonnaga yaqin tola tayyorlanmoqda. Shu bois paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Buning uchun yangi tizim qilindi

Joriy yili hosilidan boshlab fermerlar va klasterlarga paxta xomashyosini yetishtirish va yakuniy hisob-kitoblar uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kreditlar ajratishning yangi tizimi joriy etiladi. Ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan agrotexnik tadbirlar doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar, shu jumladan, moddiy resurslar yetkazib beruvchilar fermer xo‘jaliklari va klasterlar tomonidan ixtiyoriy tanlanadi. Kredit buyurtmalari to‘liq elektron shaklda taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil hosili uchun viloyatimizda 73 246 gektar maydonda g‘o‘za navlari ekish rejalashtirilgan. Buning uchun 4 401 tonna urug‘lik chigit talab etiladi. G‘o‘za navlarining iqlim sharoitiga mos 4 ta ertapishar hamda 5 ta istiqbolli va yangi navlarni ekish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kungacha viloyat bo‘yicha mavjud 4 ta urug‘lik chigit tayyorlash sexlari to‘liq ishlashi uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilgan. Xususan, urug‘lik chigitlarni qadoqlash uchun yetarli miqdorda qop va yorliqlar, kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan.

 

Hosildorlikni oshirish uchun-chi?

Qayd etish lozimki, bugungi kunda viloyatimizda paxta hosildorligi gektaridan 35-45 sentnergacha bo‘lmoqda. Bunday holat rentabellikni oshirish va mavjud quvvatlarni xomashyo bilan to‘liq ta’minlash imkonini bermayapti. Boshqacha aytganda, mavjud hosildorlik bilan yangi ish o‘rni va ko‘proq qo‘shimcha qiymat yaratib bo‘lmayapti.

Shu bois, ushbu yo‘nalishda ham davlatimiz rahbari yechimni ko‘rsatib berdi. Jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za navlarini joylashtirishda kafolatlangan urug‘ ta’minotiga muvofiq erkinlik berilmoqda.

Bundan tashqari, paxta yetishtiriladigan maydonlarning 10 foiziga tajriba-sinov tariqasida xorijiy paxta navlarini ekishga ruxsat berildi.

Bu borada viloyatimizda xorijiy davlatlardan 220 tonna urug‘lik chigit import qilish rejalashtirilgan. Shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri markazlashgan holda 110 tonna klasterlar, “Tianye Plastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonida yana shuncha urug‘lik chigit keltiriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Past Darg‘om, Payariq, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida ming gektardan ziyod maydonga xorijiy chigit navlari qadaladi. Paxtachi, Ishtixon va Oqdaryo tumanlarida ham 600 gektardan kam bo‘lmagan yerda shunday sinov o‘tkaziladi.


Avvalo aytib o‘tish lozim, xorijdan olib kiriladigan paxta navlari uchun alohida agrotexnika va soddalashtirilgan karantin talablari joriy etilib, ushbu navlarni yetishtirish maxsus karantin kuzatuvida va Paxtachilik kengashi ilmiy ko‘rsatmasi asosida olib boriladi.

Endi sarlavhadagi savolga kelsak. Rost, xorijning urug‘lik chigit narxi mahalliy navlarnikiga nisbatan baland. Misol uchun, Turkiyadan keltirilayotganining kilogrami 40 ming so‘m, Xitoyniki 65 ming so‘m atrofida bo‘lmoqda. Mahalliy navlarni esa 20 ming so‘m atrofida xarid qilish mumkin.

Gektariga 25 kilogramm chigit qadalishini hisobga olsak, dehqon import urug‘lik chigit uchun (1 million 625 ming – 500 ming so‘m) 1,1 million so‘mdan ko‘proq ortiqcha xarajat qilyapti.

Ammo yuqorida aytdik, shu paytgacha gektaridan 35-45 sentner paxta yig‘ishtirgan fermer yerga import urug‘lik chigit qadasa 100 sentnergacha paxta yetishtirishi mumkinligi aytilmoqda. U kutilgandek samara bermasa ham dehqon 75-80 sentner hosil olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shuning o‘ziyoq qilingan xarajat 4-5 barobar oshig‘i bilan chiqarib olinishini bildiradi.

Darvoqe, fyuchers shartnomasi (klaster bilan kelishuv)dan ortiq yetishtirilgan paxta xom ashyosini fermer xo‘jaliklari birja orqali istalgan sub’yektga sotishi mumkin.

Bahodir SULAYMONOV,

Urug‘chilikni rivojlantirish markazi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.