Imtiyoz va mas’uliyat chegarasi

Jamiyatda hamma narsa bir-biriga uzviy bog‘liq. Ana  shu uzviylik buzilsa, muvozanat yo‘qoladi. Qaysidir sohada muvozanat yo‘qolsa muammolar ketma-ket kelib chiqaveradi.

Misol uchun, elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishning o‘z sarf-xarajatlari bor. Iste’molchi sarflagan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida to‘lov qilishi kerak.  Agar u to‘lovni amalga oshirmasa, yetkazib beruvchida moliyaviy muammolar paydo bo‘ladi va ishlab chiqarishga ta’sir qiladi. Natijada, elektr energiyasi yetkazib berishda uzilishlar bo‘ladi. Demakki, o‘z navbatida iste’molchining ish faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi va u zarar ko‘radi.

Ana shu uzviylikni saqlash yetkazib beruvchi uchun ham, iste’molchi uchun ham, pirovardida jamiyat uchun ham juda muhim masala. Shuning uchun bu masala doimo hukumatimiz diqqat-e’tiborida.

Keyingi yillarda mamlakatimizda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan energiyaning hosil qilinishi va sarflanishini barqarorlashtirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, energiya resurslari iste’molchilari tomonidan to‘lov intizomi darajasining pastligi issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilar tomonidan iste’molchilarga energiya resurslari barqaror yetkazib berilishini hamda sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash uchun yetkazib berilgan energiya uchun to‘lov bo‘yicha qarzlarni o‘z vaqtida undirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

2025 yil 20 fevralda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan bundan buyon issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish yuzasidan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilinganda yetkazib beruvchilar davlat bojini to‘lashdan ozod etildi.

Biroq, sudda ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda davlat boji da’vogardan undirilishi belgilandi. Issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beruvchilarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji ulardan talabning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

Demak, qonun yetkazib beruvchilarga imtiyoz bergan holda ularning mas’uliyatini ham oshirmoqda. Ya’ni, qarzdor iste’molchidan to‘lovni undirish da’vo qilinganda davlat bojidan ozod bo‘ladi. Shu bilan birga, intizomli iste’molchilarni bezovta qilib noto‘g‘ri yoki asoslanmagan da’vo qilsa davlat bojini o‘zi talab qilgan miqdorga mutanosib ravishda to‘laydigan bo‘ldi.

Mazkur qonun iste’molchilar tomonidan qarzlarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga, aholining sifatli issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Kamoliddin To‘xtayev,

Samarqand shahar iqtisodiy sudi raisi.