Ineksion vaksinalar draje shaklida o‘z samarasini beradi
Quturish davolanmaydigan o‘ta xavfli infeksion kasallik hisoblanib, unga hayvonlar va odamlar moyil bo‘ladi. Daydi it va mushuklar hamda kemiruvchilar infeksiya tarqatuvchi vositalardir.
Endilikda mahalliy xomashyodan og‘iz orqali emlanadigan, draje shaklidagi uch qavatli vaksina ishlab chiqarildi. U xorijdan keltirilayotgan boshqa suyuq antirabik vaksinalardan ancha arzon. Vaksinani qo‘llash uchun qaychi, shprits, spirt va hayvonlarni fiksatsiya qilishda ishchi kuchi talab etilmaydi. Tayyorlanishi va saqlanishi, ishlab chiqarilishi juda oson va qulay bo‘lib, atrof-muhitni ifloslantirmaydi.
Loyihaning maqsadi O‘zbekistonda turli hayvonlar orasida quturish kasalligi tarqalishining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash, unga qarshi kurashish va yovvoyi go‘shtxo‘r hayvonlar, it va mushuklar, kemiruvchilar uchun peroral donador antirabik vaksinani takomillashtirishdan iborat.
Iqtisodiy jihatdan tahlil etadigan bo‘lsak, bu vaksina bir bosh it hisobiga o‘rtacha 535 so‘mni tashkil etadi va uni chet eldan milliy valyutaga sotib olinayotgan suyuq vaksinalar o‘rniga qo‘llash natijasida bir yilda davlatimizning 771 million 470 ming so‘mi tejab qolinadi. Umuman, biz taklif qilayotgan loyiha nafaqat ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ham egadir.
Muborak MAMATOVA,
SamQXI dotsenti,
veterinariya fanlari doktori.