Ingichkada ichimlik suvi muammosi bilan yoshlar kurashyapti
Kattaqo‘rg‘on shahri markazidan taxminan 30 kilometr uzoqlikdagi ushbu shaharchada beshta mahalla joylashgan. Mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ingichkalik yoshlarning bo‘sh vaqtini maqsadli o‘tkazish, iqtidorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti.
— Davlatimiz, xalqimiz biz, yoshlar yetakchilariga katta ishonch bildirdi, - deydi Kattaqo‘rg‘on mahallasi yoshlar yetakchisi Mehriddin Rahmatov. – Bu ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilyapmiz. Bu jarayonda bizga “Yoshlar balansi” platformasi juda qo‘l keldi. Sababi, uni shakllantirish asnosida mahallaning har bir yoshi bilan tanishib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandik, kim bilan qanday ishlash, birinchi qaysi masalalarga e’tibor qaratish kerakligini tushundik. Natijada mahallamizdan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28 nafar fuqaroning barchasini "daftar"dan chiqarishga erishdik. Jumladan, 4 nafar talabaga shartnoma to‘lovining 50 foizi to‘lab berildi, 1 nafar yoshning kran boshqaruvchilik bo‘yicha o‘quv kursida o‘qish xarajatlari qoplab berildi, 12 nafariga esa o‘zini o‘zi band qilishi uchun zarur asbob-uskunalar ajratildi. Tijorat banklaridan kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan yoshlarimiz ham ko‘p.
Shu mahallada yashovchi Shuhrat Xoliqov bir muddat oldin ishsiz yoshlar safida edi. Yoshlar yetakchisining maslahatiga amal qilgan Shuhrat bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, hududning eng og‘ir bo‘lgan – ichimlik suvi muamosiga yechim topdi.
— Qo‘rg‘onimizda ichimlik suvi muammo, - deydi Sh.Holiqov. – Mahallalarimiz toshloq hududda joylashganligi sababli artezian quduq kavlab bo‘lmaydi. Yerning nisbatan yuza qismidagi suv esa ichishga yaroqsiz. Shu bois qo‘rg‘onchaga ichimlik suvi yuk mashinalarida olib kelinib sotiladi. Men kredit mablag‘iga suvni filtrlash uskunasini xarid qildim. Endi aholiga shu yerning o‘zida suvni tozalab sotyapmiz. Bu suv xalqimizga ancha arzonga tushadi. Shu kunlarda qo‘rg‘onimizdagi barcha mahallalarga toza ichimlik suvi yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganmiz.
Mahalla yoshlari turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida ham faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, ular Yoshlar festivali doirasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini hamda o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi minifutbol musobaqasining Kattaqo‘rg‘on shahar bosqichida ikkinchi, voleybol musobaqasining viloyat bosqichida uchinchi, stritbol musobaqasining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, respublikada ham munosib ishtirok etib qaytishdi.
— Mahallamizda huquqbuzarlik sodir etishga moyil 3 nafar yoshlar bor edi, - deydi Mehriddin Rahmatov. – Bugun ular ham o‘z iqtidorini ko‘rsatishga, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib qolishga intilyapti. Hatto ulardan biri faol yoshlardan iborat “Qalqon” guruhiga a’zo bo‘ldi. Endi u hududda osoyishtalikni ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.