Ingliz tilini onlayn o‘rganish: Raqamli davrda yangi imkoniyatlar

Dunyo bo‘ylab ta’lim tizimi so‘nggi o‘n yillikda katta o‘zgarishlarga uchradi. Xususan, pandemiya davrida onlayn ta’limni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi.

Bugungi kunda onlayn ta’lim nafaqat asosiy ta’lim dasturlari, balki til o‘rganish, jumladan, ingliz tilini o‘rganishda ham muhim vositaga aylandi. Ingliz tili o‘qitishning onlayn platformalari va resurslari o‘quvchilarga global darajada o‘z bilimlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Bugungi kunda ingliz tilini o‘rganishning turli xil onlayn kurslari mavjud. Masalan, Duolingo, Babbel, Coursera, edX va boshqa platformalar ingliz tili o‘rganuvchilari uchun innovatsion yondashuvlarni taklif qiladi. Bu platformalar o‘quvchilarga ingliz tilining barcha aspektlarini o‘rganish imkonini beradi: nutq, tinglash, yozma va o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Shu bilan birga, ushbu kurslar o‘quvchilarga dunyo bo‘ylab tengdoshlar bilan ishlash imkoniyatini taqdim etadi. Dasturlar gamifikatsiya elementlarini o‘z ichiga oladi, ya’ni o‘quvchilar o‘zlarining yutuqlarini ko‘rib, yangi darslarga ishtiyoq bilan kirishadi. Bu onlayn tizimlar o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rganishni qiziqarli va samarali qilish imkonini beradi.

Shuningdek, onlayn platformalar o‘quvchilarga interaktiv metodlar, video darslar, forumlar va sinovlar orqali bilimni mustahkamlash imkoniyatini beradi. O‘quvchilar ingliz tilida jonli suhbatlarda ishtirok etib, o‘z fikrini yozma ravishda ifodalashi va o‘zaro fikr almashishi mumkin. Zoom, Google Meet kabi videokonferensiya dasturlari esa onlayn darslarni jonli formatda o‘tkazishga imkon beradi. Bu esa o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, o‘quvchilarga real vaqt rejimida savollar berish va muammolarni hal qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Onlayn ta’limning yana bir afzalligi — bu uning qulayligi va moslashuvchanligidir. O‘quvchilar o‘zlarining shaxsiy jadvaliga mos ravishda darslarga qatnashishlari mumkin. Masalan, bir kun ingliz tilidagi yangi so‘zlarni o‘rganish, boshqa kun esa yozma mashqlarni bajarish mumkin. Bu tizim o‘quvchilarga o‘z bilimlarini rivojlantirishda o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtni tanlash imkonini beradi. Shuningdek, onlayn ta’lim platformalari taqdim etgan o‘quv materiallarini istalgan vaqtda qayta ko‘rib chiqish mumkin.

Onlayn platformalar orqali, o‘quvchilar ingliz tilini o‘rganish jarayonida turli millat va madaniyatlardan bo‘lgan odamlarga duch keladi. Bu madaniyatlararo muloqot va tushunishni rivojlantirishga yordam beradi.

Hozirgi kunda onlayn ta’limning ingliz tili sohasidagi roli yanada kengayib bormoqda. Kelajakda sun’iy intellekt, virtual reallik va kengaytirilgan reallik  texnologiyalarining integratsiyasi ta’lim jarayonini yanada interaktiv va qiziqarli qilishga yordam beradi. O‘quvchilar uchun ingliz tilini o‘rganishda yangi va ilg‘or usullar paydo bo‘ladi.

Sevara Mamadiyorova,

Samarqand davlat chet tillari instituti o‘qituvchisi.