Injener Garinning dahshatli ixtirosi

Sovet adabiyotining eng yaxshi fantastik romani - Aleksey Tolstoyning “Injener Garinning giperboloidi!” asarini o‘qiganlar yaxshi biladi, roman qahramoni injener Garin aqlbovar qilmas quvvatga ega qurol ustida ishlaydi. Uning ixtiro qilgan quroli hozirda lazer deb ataladi. Lekin hozirda yaratilgan lazer qurollari haqida 1920 yillargacha gap ham bo‘lmagan.

Asarda injener Garin yaratgan nur dushman jangovar texnikasini yog‘dek kesadi, mumdek eritib yuboradi. Roman fantastik asar, undan keyin 1920 yillarda u olimlarga shunga o‘xshash qurol yaratishning nazariy jihatlari haqida jiddiy bosh qotirishga turki beradi.

…Hammasi tasodifan boshlandi. Yozuvchi 1924 yilda Sarskoye Seloda dam olardi. Fizika va matematika o‘qituvchisi Appolon Arkadevich Kimlyanskiy bilan tanishib qoladi. Qizig‘i shundaki, asar qahramoni injener Pyotr Garin singari Simlyanskiy ham jiddiy olim edi. U zanjirli reaksiyaning matematik modelini yaratishda yevropalik hamkasblaridan ancha o‘zib ketgandi. Biroq SSSRda u o‘zining g‘oya va nazariyalarini qo‘llab-quvvatlovchi topmadi. Asar qahramonining real hayotdagi bu prototipi bilan ham hayratomuz sarguzashtlar ro‘y berdi.

Simlyanskiy Yevropaga ilmiy safarga jo‘nat ketdi. Nemis konserni - «Krupa»ning ishda qolish taklifini qabul qildi. Bu yerda u o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatga ega bo‘ldi. 1932 yilda kelajak kosmik dasturi muallifi Verner fon Braunning maslahatchisi qilib tayinlandi. U Uchinchi Reyxning eng maxfiy harbiy loyihalarida ham bemalol ishtirok etishi mumkin edi. Germaniyada sobiq sovet olimi ballistik raketalarda kosmosga chiqariladigan reaktiv samolyotlar loyihasini yaratishga rahbarlik qildi. Shuningdek, Oyga ekspeditsiya loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarni boshqardi.

Turgan gap, bu SSSR maxsus xizmat mahkamalarini g‘azabini qo‘zg‘adi. Dushmanga xizmat qilayotgan olim 1938 yilda SSSR elchixonasiga chaqirildi. Undan vatanga qaytish qattiq talab qilindi. Ammo o‘zining G‘arbdagi hayotidan ko‘ngli to‘q Simlyanskiy talabni rad etdi. Bu bilan u o‘z o‘limiga hukm o‘qigan edi. Ertasi kuni Potsdamdagi xonadonida uni ovqatdan zaharlanib o‘lgan holda topishdi.

Ammo uzoq masofaga vayron qiluvchi kuchli nur eneriyani yetkazish qurilmasi ustida ishlar to‘xtamadi. Bu loyihani uydagi laboratoriyasida Mixail Filippov davom ettirdi. Uning ta’kidlashicha, bu qurilma orqali yo‘naltirilgan energiya bilan Moskvadan turib Konstantinopolni kulini ko‘kka sovurish mumkin ekan. Dushman ayg‘oqchilari dahshatli qurol haqida xabar topib, uni rus harbiylari qo‘lida bo‘lishning oldini olish choralarini ko‘rdilar. Filippovni o‘ldirishdi. Uning chizmalari ham g‘oyib bo‘ldi.

Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.