Insofli soliq to‘lovchi kim?

Bu hujjatlarda birinchi bora "insofli soliq to‘lovchi" atamasi ishlatilgan. Kimlar insofli soliq to‘lovchi bo‘ladi?     Soliq sohasiga kiritilgan shu kabi yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot olish  uchun viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Fayzulla AHmedovga murojaat qildik. 
– Soliq kodeksi rivojlangan mamlakatlarning ish tajribalarida sinalgan soliq monitoringi bobi bilan to‘ldirildi, – deydi F.Ahmedov. – Soliq monitoringi bu – soliq nazoratining insofli soliq to‘lovchilariga soliq solishning joriy masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda, davlat soliq xizmati organlari va ular o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi shakl.
Insofli soliq to‘lovchilar sirasiga oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib kelgan soliq to‘lovchilar kiradi.
– Yuridik shaxsning alohida bo‘linmasi nima? 

– Yuridik shaxsning ayrim funksiyalarini bajaruvchi, joylashgan joyi bo‘yicha kamida bir oydan ortiqqa tashkil etilgan turg‘un ish o‘rinlari bo‘lsa, bu yuridik shaxsning alohida bo‘linmasi deyiladi. Bunday bo‘linmalar joylashgan joyi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i va yagona soliq to‘lovini to‘laydilar. 
– Soliq ta’tili nima va u kimlarga nisbatan qo‘llaniladi, qancha muddatga? 
– Soliq ta’tillari vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka uchragan insofli soliq to‘lovchilarga bu to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab, yigirma to‘rt oygacha beriladi. Oxirgi ikki yilda soliq majburiyatlarini bajargan sub’yektlar insofli soliq to‘lovchilar hisoblanadi. Ularga soliq ta’tillarini qo‘llash bo‘yicha Soliq kodeksiga ham tegishlicha o‘zgartishlar kiritildi. Natijada, ularga soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish hisobidan soliq ta’tillari beriladi va to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq to‘lovlarini ma’lum bir muddat davomida kamaytirish va keyinchalik to‘lash imkoniyati taqdim etiladi. Ya’ni, ularga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirishi yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari, soliq qarzini biryo‘la yoki bosqichma-bosqich to‘lagan holda to‘lashni keyinroqqa ko‘chirish imkoni beriladi. 
– Soliq monitoringi kimlar uchun ko‘zda tutilgan va qanday o‘tkaziladi?

– Soliq monitoringi soliq nazorati shakllaridan biri hisoblanadi. U davlat soliq xizmati organlari va insofli soliq to‘lovchilar o‘rtasida kengaytirilgan axborot almashinuvini ko‘zda tutadi. Soliq to‘lovchilarda bunday monitoring o‘tkazish ixtiyoriydir. Monitoring o‘tkazilishiga rozi bo‘lgan to‘lovchida soliq monitoringi bilan qamrab olingan davrda kameral nazorat va moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish ham o‘tkazilmaydi (bunda monitoring o‘tkazishdan oldin tugatilgan hollar mustasno). 

Bu kabi yangi davlat xizmatidan hamma ham birdek foydalana olmaydi. Buning uchun o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish 1 yanvargacha eng kam ish haqining 70 ming barobari (hozirda 12 milliard 56 million 800 ming so‘m)dan ortiq bo‘lishi kerak. Shunda to‘lovchi keyingi yilda monitoringda ishtirok etish uchun yilning 1 iyulidan kechiktirmasdan soliq idorasiga yozma va elektron shaklda ariza beradi. Soliq idorasi ariza shaklini tasdiqlaydi va bir oy ichida rad etadi yoki qanoatlantiradi. 

 Soliq monitoringi 1 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatni qamrab oladi. Lekin soliq to‘lovchi tomonidan kerakli axborotlar muddatida taqdim etilmasa, monitoring o‘tkazilayotgan davrda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar vaqtida to‘lanmasa yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etilganda va shunga o‘xshash bir qator sabablarga ko‘ra, soliq monitoringi o‘tkazish muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV
yozib oldi.