Inson qaysi sayyoralarda, qancha vaqt yashay oladi?
Ayrim olimlar kelajakda insoniyatni quyosh tizimining boshqa sayyoralarida joylashib olish va terraformatsiya kutmoqda, deyishadi. Albatta, bu jarayonlarning boshlanishida odam sayyoralar yuzasida skafandrda bo‘ladi. Aytaylik, biror bir sababga ko‘ra skafandr topilmadi yoki u bilan bog‘liq qandaydir buzilish sodir bo‘ldi. Qiziq, inson qo‘shimcha jihozlarsiz boshqa sayyorada qancha vaqt yashashi mumkin?
Merkuriy
Ushbu sayyora xuddi Oydagi kabi atmosferaga ega emasligi sababli kunduzi uning yuzasi selsiy bo‘yicha +427 darajagacha qiziydi, kechasi esa harorat -180 gacha tushadi. Sayyoraning kunduzgi tomonida kiyim ishlab chiqarishda foydalaniladigan matolarning aksariyati bu haroratda bir daqiqadan kamroq vaqt ichida yonib ketadi va ichidagi odam shu tufayli nobud bo‘ladi.
Venera
Venera – bu haqiqiy jahannam. Issiqxona effekti tufayli Venera yuzasidagi harorat selsiy bo‘yicha taxminan 470 daraja issiq, bundan tashqari, uning kunlik tebranishlari Merkuriydan farqli o‘laroq, juda kichkina va taxminan 1-2 darajani tashkil qiladi. Venerada muntazam ravishda sulfat kislotali yomg‘irlar yog‘ib turadi va u yerdagi atmosfera bosimi ba’zi joylarda Yerdagiga qaraganda 92 marta oshadi. Shu sababli bu sayyorada hech bo‘lmaganda bir muddat ham skafandrsiz yashash imkoni yo‘q. Uning atmosferasi insonni 1 soniyadan kam vaqt ichida parchalab tashlaydi.
Mars
Qizil sayyoradagi iqlim o‘ta shafqatsiz. Marsdagi harorat 60 daraja sovuqdan 20 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi. Mos kiyim odamni past haroratdan himoya qilishi mumkin. Sayyoraning kam uchraydigan siyrak atmosferasi asosan karbonat angidrid, azot va argondan iborat bo‘lib, havoning katta qismi tezda o‘pkadan chiqib ketadi va odam nafas ololmaydi. Atmosferadagi kislorod yetishmasligidan tashqari, sayyora havosida doimiy ravishda uchib yuradigan va nafas olishda odamning o‘pkasini ishdan chiqaradigan changga boy. Har holda, skafandrsiz kislorod yetishmasligi tufayli inson bir necha daqiqada halok bo‘ladi.
Gigant sayyoralar
Gigant sayyoralar qattiq sirtga ega bo‘lmaganligi sababli ularda to‘liq yashash u yoqda tursin, hatto qo‘nish mumkin emas. Yupiterning tortishish kuchi Yernikiga qaraganda ancha katta, shuning uchun sayyoraning chuqurliklariga tushib ketish ehtimoli juda baland. Shuningdek, Yupiter atmosferasida ko‘plab xavf-xatarlar mavjud. U yerda tezligi soatiga 500 kilometrga yetgan kuchli dovullar avj oladi. Atmosferaga kirib borgan sari bosim va harorat juda tez ko‘tariladi. Yupiter ichkarisidagi bu omillarning barchasi odamni 1 soniyadan kamroq vaqt ichida o‘ldiradi.
Saturn
Bu sayyorada ham shu ahvol. Chunki bu ikki sayyoraning tarkibi va asosiy xususiyatlari juda o‘xshash. Ushbu sayyoradagi yuqori bosim, yuqori harorat va yetarli darajadagi radiatsiya insonga hatto bir necha soniya yashashga imkon bermaydi.
Shuning uchun agar inson qandaydir tarzda ushbu sayyoralar atmosferasiga kirib qolgudek bo‘lsa-yu, unda skafandr bo‘lmasa, najot topish imkoniyati nolga teng.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.