Inspeksiyaning xorijiy davlatlar OTMlariga baho berish huquqi bormi?

Joriy yil 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan “Qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sifati darajasini aniqlash bo‘yicha tavsiya” sarlavhasi ostidagi material mamlakatimiz va yaqin qo‘shni davlatlar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Unda mamlakatimiz hukumat idorasi nostrifikatsiya bilan bog‘liq jarayonni tahlildan o‘tkazib, qo‘shni Kirg‘iziston va Tojikiston davlatlarining qator oliy ta’lim muassasalariga salbiy baho bergan va fuqarolarimizga tegishli tavsiyalar bergan.

Tavsiya matni bilan yaqindan tanishganimizda, undagi ba’zi fikr va xulosalar o‘rinli e’tiroz va savollarni tug‘dirmoqda...

Birinchidan, Inspeksiya aniq va asoslangan mezonlar o‘rniga “O‘zbekiston mehnat bozori talab darajasiga mos emas”, degan umumiy jumla bilan chegaralanib qolmoqda. Savol: bunday xulosa chiqarish uchun, eng avvalo, o‘sha mehnat bozori parametrlari qani? Ularni kim belgilagan? Qo‘shni davlatlarning OTMlari qachon va kim tomonidan tekshirilgan?

Ikkinchidan, e’lon qilingan tavsiyada “...sifatli ta’lim arzon bo‘lmas”, va “qo‘shni mamlakatlardagi aksariyat OTM tomonidan taklif etilayotgan to‘lov-kontrakt narxi sifatli ta’lim berish imkoniyatini bermaydi”, deb ta’kidlangan. Savol: Nimaga? Bu qanday konuniyat bo‘ldi? Balki, biz avval O‘zbekiston OTMlarining kontrakt narxlariga va shu narxlarga bizda berilayotgan ta’lim sifatiga xolisona boqarmiz?

Menimcha, bu yerda ko‘proq raqobat va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshlik darajasi haqida so‘z yuritsak adolatdan bo‘ladi.

Uchinchidan, mamlakatimiz hukumat Inspeksiyasining xorijiy davlatlar OTMlariga bunday baho berishga huquqi bormi? Bu harakatlarning maqsadi, ularning davlatimiz milliy manfaatlari va tashqi siyosatdagi intilishlariga qanchalik to‘g‘ri keladi?

Qo‘mitamizning tegishli so‘rovnomasi Inspeksiyaga yuborildi va rasmiy javobni kutib qolamiz.

Ishonchimiz komilki, hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mintaqasida vujudga kelgan ochiqlik, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhitni qadriga yetib, barchamiz o‘z faoliyatimizda qardosh Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari bilan do‘stlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shamiz.

Ravshanbek ALIMOV,
Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar,
xorijiy investitsiyalar va turizm
masalalari qo‘mitasi raisi.