Institutni tugatishni emas, uni rivojlantirishni o‘ylashimiz kerak
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirilganligiga guvoh bo‘ldik. Ushbu loyihadan anglanishicha, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi milliy arxeologiya markazini tuzish va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti negizida milliy markazning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Samarqand filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin ekan. Bu Arxeologik tadqiqotlar instituti ilmiy jamoasi uchun kutilmagan xabar bo‘ldi. Chunki, biz qariyb 50 yil ilmiy faoliyat olib borgan, ko‘plab olamshumul kashfiyotlar qilgan ushbu institutni butunlay yo‘q qilib, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Samarqand filialiga aylantirish taklifi kimdan chiqqanligidan butunlay bexabarmiz.
To‘g‘ri, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2019 yil 28 fevral - 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida respublikamizda milliy arxeologiya markazini tashkil etish haqida topshiriq berilgan. Shuningdek, kengaytirilgan majlisda “Arxeologik tadqiqotlarda zamonaviy tabiiy fanlarning uslublarini qo‘llash, Samarqand shahridagi Arxeologik tadqiqotlar instituti, Namangan shahridagi “Axsikent” arxeologiya merosi ob’yektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik majmuasini qamrab olgan holda, respublika hududidagi arxeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tasarrufida milliy arxeologiya markazini tashkil etish” haqida so‘z yuritilgan. Ammo qariyb 50 yil mobaynida ilmiy faoliyat yuritib, ko‘plab kashfiyotlar qilgan, o‘zining shakllangan ilmiy an’analariga ega bo‘lgan, dunyo arxeologlari orasida ham taniqli bo‘lgan bir akademik institutni yo‘qotish haqida so‘z yuritilmagan.
Qolaversa, O‘zbekistonda milliy arxeologiya markazini tashkil etish to‘g‘risida taklif berganlar, o‘z takliflarini yangi, amalga oshirilsa muhim samara beradigan taklif sifatida berganlar. Arxeologiya ilmi bilan yaqindan tanish bo‘lmaganlar buni katta yangilik sifatida qabul qilishlari mumkin. Lekin ular amalga oshirimoqchi bo‘lgan ko‘p takliflar Arxeologik tadqiqotlar instituti jamoasi tomonidan shu paytgacha amalga oshirib kelinayotgan vazifalar, xolos.
Biz respublikamizda Milliy arxeologik markaz tuzishga qarshi emasmiz. Bu ayni paytda dolzarb masala. Negaki, shu kunlarda O‘zbekistonda Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutidan tashqari, O‘zFA san’atshunoslik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, O‘zFA tarix instituti, O‘zFA O‘zbekiston tarixi muzeyi, Termiz davlat universiteti, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi, Farg‘ona davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Urganch davlat universiteti olimlari ham har yili arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Biroq bu tashkilotlar o‘rtasida hech qanday koordinatsiya yo‘q, kim qaysi yodgorlikni qazimoqchi bo‘lsa, qaziyveradi. Tashkil etiladigan milliy arxeologiya markazi aynan shu muammo bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim. Afsuski loyihada bu haqda hech narsa deyilmagan. Respublikamizda milliy arxeologiya markazini tashkil etish haqida maxfiy taklif ishlab chiqqanlarning maqsadlarini biz yaxshi bilamiz. Ular bu orzularini bir necha yillardan buyon ushaltirish maqsadida yuribdilar. Ularning fikrlaricha Arxeologiya instituti go‘yoki Samarqandda bo‘lganligi uchun arxeologiya fani rivojlanmayotgan emish, institut Toshkent shahriga ko‘chirilsa birdaniga gurkirab rivojlanib ketishi mumkin emish. Bu shunchaki safsata.
Arxeologiya instituti Samarqandda faoliyat ko‘rsatib ham dunyo arxeologiya markazlari o‘rtasida o‘z obro‘-e’tiboriga, o‘rniga ega bo‘ldi. Institut olimlari bugungi kunda Fransiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, AQSh, Rossiya, Italiya, Polsha, Germaniya kabi davlatlardagi yirik universitetlar, muzeylar va arxeologiya markazlari olimlari bilan samarali hamkorlikni davom ettirib kelmoqda. 2018 yilda institut Janubiy Koreyadagi Madaniy meros xalqaro fondining tanlovida ishtirok etib, 3 million 600 ming AQSh dollarilik grant sohibi bo‘ldi. Bu mablag‘ga institutda eng zamonaviy ilmiy laboratoriyalar barpo qilish, Urgut tumanidagi antik va ilk o‘rta asrlarga oid Quldortepa shaharchasini ochib, o‘rganish, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish mo‘ljallanmoqda.
Arxeologik tadqiqotlar instituti joylashgan manzil bugungi kunda xorijlik arxeologlar uchun ham har tomonlama qulay makonga aylangan. Ular shu yerda yashaydilar va topgan arxeologik artefaktlarni institut binosida saqlab, ilmiy tahlil qiladilar. Shu sababli ular mablag‘ sarflab, institut binosida qulay ombor-laboratoriyalarini barpo qilganlar. Bugungi kunda O‘zbekiston-Xitoy, O‘zbekiston–Fransiya, O‘zbekiston–Yaponiya, O‘zbekiston–Amerika, O‘zbekiston–Italiya xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar ombor-laboratoriyalari barpo qilingan. Institutning yopilishi esa xalqaro ilmiy aloqalarga bevosita ziyon yetkazishi aniq.
Shunday vaziyatda biz Arxeologik tadqiqotlar institutini yopib uning o‘rniga yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, 15 ta xodim bor Samarqand filialini tashkil etsak kulgili xolat yuzaga kelmaydimi?
Shu o‘rinda ayrimlar, Arxeologik tadqiqotlar instituti Samarqandda tugatilib uning o‘rniga poytaxtda, yangi milliy arxeologiya markazi sifatida tashkil etilganligi yaxshi emasmi, degan savolni berishlari mumkin. Afsuski, bunday emas. Ma’lumki, har qanday ilmiy muammoni avvolombor kadrlar hal qiladilar. Arxeolog kadrlarning asosiy qismini Samarqandda shakllangan yoshlar tashkil etadi. O‘ndan ortiq yosh olimlar kelajakka umid bilan ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Agarda Samarqanddagi Arxeologik tadqiqotlar instituti yopilib uning vazifasi va shtatlari milliy arxeologiya markaziga o‘tsa, bu xodimlarning ko‘pchiligi ko‘chada qoladi. Chunki ularning Toshkentda yangi kvartira olishga imkoniyati yo‘q.
O‘z vaqtida, 1969 yil Arxeologiya institutini Samarqandga ko‘chirish arxeologiya fanini 15-20 yilga orqaga surgan edi. Endi Samarqanddagi institutni yopib uni Toshkentda yangi nom bilan tashkil etish ham xuddi shunday holatni yuzaga keltiradi.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev faoliyatining dastlabki kunlaridanoq bir necha marta olimlar bilan uchrashib ularning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini hal qilib berdilar, yopib yoki qo‘shib yuborilgan ilmiy tadqiqot institutlari qayta ochildi. Shu yig‘ilishlarda, Prezidentimiz bir gapni qayta-qayta takrorlab, “Shu paytga qadar biz puxta o‘ylab ko‘rmasdan shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ydik. Endi oldingi xatolarni takrorlamaylik”, deb aytdilar. Yarim asr mobaynida shakllangan, o‘z ilmiy salohiyati va an’analariga ega bo‘lgan bir ilmiy-tadqiqot institutini yo‘qotishdan foyda yo‘q.
Xulosa qilib aytish lozimki, Toshkent shahrida milliy arxeologik markazni tashkil etish Arxeologik tadqiqotlar instituti jamoasidan sir tutilgan holda shoshma-shosharlik bilan tayyorlangan.
Amriddin BERDIMURODOV,
arxeolog