Internetdan foydalanish madaniyati virtual tarmoqlardagi tahdiddan asraydi
Internetdagi global tarmoqlarda foydali ma’lumotlar bilan bir qatorda foydalanuvchilarning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan axborotlar ham tarqatilmoqdaki, ular bugun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solayotir.
Bularning keng tarqalgani hayosiz mazmundagi materiallar bo‘lib, shunday mazmundagi veb-saytlar soni 4,2 milliondan oshdi. Ayrim kimsalarning ushbu daromad manbaidan dunyodagi 42 foiz bolalar va o‘smirlar onlayn tarzda foydalanishmoqda.
Jahonning 38 foiz yoshlari shafqatsizlik, zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi materiallar ta’siriga tushayotgan bo‘lsa, yana bir qanchasi o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qiluvchi 9 mingdan ziyod saytlar orqali osongina jon taslim qilish "saboq"larini o‘rganishyapti.
So‘nggi yillarda terrorchi tashkilotlar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlarning soni 7000 dan oshdi. Ular millatchilik ruhidagi va ma’lum bir davlatning amaldagi tuzumiga qarshi qaratilgan noxolis axborotlarni tarqatish bilan mashg‘ul bo‘lyapti.
Fikrimizcha, internet tarmog‘ida foydalanuvchilar xavfsizligini ta’minlashning eng maqbul yo‘li undan foydalanish madaniyatini rivojlantirish hisoblanadi. Vaholanki, bugun internet olamida keng uchrayotgan kiberjinoyatlar, g‘oyaviy va texnik (xakerlik) buzg‘unchiliklar foydalanuvchilarning aynan internet madaniyati me’yorlariga rioya qilmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Yoshlarda har qanday fikr va axborotlarni o‘zaro taqqoslash, ma’lumotlarni filtrlay olish qobiliyati, avvalo, oilada, keyin ta’lim dargohida shakllanadi.
Shu o‘rinda taklif kiritish mumkinki, mahallalarda, ta’lim muassasalarida axborot xavfsizligi, internetdan foydalanish madaniyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazish, onlayn muhitda yoshlarni asrashga doir qo‘llanmalarni yoshlar hamda oilalarga bepul tarqatish maqsadga muvofiq.
Ommaviy axborot vositalari orqali mutaxassislar ishtirokida maxsus teleradio dasturlar, tahliliy maqolalar berib borish lozim. Qolaversa, axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish tavsiya etilmagan kompyuter o‘yinlari va filmlar ro‘yxatini joylardagi internet-kafelar va klublarga taqdim etib borish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Shuningdek, o‘quvchi-talabalar o‘rtasida "Eng yaxshi internet-blog" nominatsiyasi bo‘yicha tanlov o‘tkazish, aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda internet xavfsizligiga qaratilgan shiorlar, bannerlar joylashtirish ham katta ahamiyatga ega.
Laziz BO‘RANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi
akademiyasi tinglovchisi.