Samarqand viloyatining investitsiya salohiyati «Investitsiya portali»da yoritib boriladi

Bugun, 2 oktyabrda Samarqand viloyati hokimining farmoyishi qabul qilindi. Mazkur farmoyishda Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga oid vazifalarni amalga oshirish hamda viloyatning investitsion va iqtisodiy salohiyatini xorijiy hamkorlarga keng targ‘ib etishni tizimli va samarali tashkil etish belgilangan.

Farmoyishga asosan (www.invest.gov.uz) «Investitsiya portali»da joylashtiriladigan ma’lumotlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘z vaqtida taqdim etish, ma’lumotlarning sifatli va haqqoniyligi uchun javobgarlik belgilandi. Buning uchun investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun mas’ul xodim biriktiradi. Shuningdek, viloyat hokimligi, tuman (shahar) hokimliklarining maxsus veb-saytida “Investitsiya salohiyati” bo‘limi tashkil etilib, ikki oy ichida veb-sayt o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuritilishi ta’minlanadi.

Ushbu bo‘limda hududning umumiy ma’lumotlari chegaralari, geografik joylashuvi, iqtisodiy ko‘rsatkichlari va salohiyati, tabiiy resurslari, kadrlar salohiyati, investitsiya qonunchiligi, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, istiqbolli loyiha takliflari va boshqa ma’lumotlar joylashtirib boriladi.