Investitsiya – yangi ish o‘rni yaratadi
Yil boshidan buyon Samarqand viloyatida 653,5 million dollar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 177,6 foiz) miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilgan.
Bunda tarmoq loyihalarda 129,3 million dollar, hududiy dasturdagi 141 ta loyihada 524,2 million dollar o‘zlashtirilgan. Ahamiyatlisi, hududiy dasturdagi 141 ta loyihadan qiymati 14,2 million dollarlik 3 ta loyiha ishga tushirilib, 85 ta ish o‘rni yaratildi.
Jumladan, "CCI Samarkand limited" mas’uliyati cheklangan jamiyatining Jomboy tumanidagi "Coca-Cola" va boshqa salqin ichimliklar ishlab chiqarish loyihasida 36 million, "Hengfeng foods" qo‘shma korxonasining Ishtixon tumanidagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash loyihasida 8 million, "Samarkand city story" mas’uliyati cheklangan jamiyatining Samarqand shahridagi "Samarqand-siti" majmuasini tashkil etish loyihasida 5,5 million dollar o‘zlashtirilgan.
Hududiy dasturdagi investitsiyalarning 494 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va 30 million dollari davlat kafolati ostidagi kreditlarni tashkil etgan.
Xorijiy investitsiyalarning 40 foizi Xitoy, 35 foizi Turkiya, 22 foizi BAA, qolgan 3 foizi Rossiya, AQSh, Ozarbayjon, Germaniya, Buyuk Britaniya, Eron va boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil oxiriga qadar qiymati 154,7 million dollarlik yana 13 ta loyiha ishga tushirilib, 795 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Umuman, investitsiya dasturlari doirasida qiymati 2,1 trillion so‘mlik 380 ta loyiha ishga tushirilib, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni ochiladi.
Bu 2023 yilning 6 oyiga nisbatan 2,7 milliard so‘m ko‘p investitsiya, yaratilgan ish o‘rni 625 ta ziyod degani.
Misol uchun, Samarqand shahridagi “Evro plaza M” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 58 milliard so‘mlik savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish loyihasida 161 ta, Kattaqo‘rg‘on shahridagi ”Zexra Kollection” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 40 milliard so‘mlik rangli metallarni qayta ishlash loyihasida 60 ta ish o‘rni yaratilgan.