“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida jahon turizm tashkilotining akademiyasi ochiladi

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti 2023-2024 o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishiga 240 nafar, shundan 82 ta davlat granti va 158 ta to‘lov-kontrakt asosida talablarni o‘qishga qabul qiladi.

Shuningdek, sirtqi ta’lim shakliga 550 ta, magistraturaga 105 ta kvota ajratilgan. Bundan tashqari, kamida 5 yillik stajga ega xotin-qizlarga 5 ta o‘rin, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 16 ta, mehribonlik uyi, yetim bolalar uchun 8 ta, harbiy qism qo‘mondoni tavsiyanomasi asosida 12 ta qo‘shimcha o‘rin ajratilgan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida universitet mas’ul vakillari tomonidan ma’lum qilindi.

- Universitetimizda barcha darslar ingliz tilida olib boriladi, - dedi universitet mas’ul kotibi Jamshid Xolboyev. – Shuning uchun o‘qish istagida hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar xalqaro chet tilini bilish darajasining B-II yoki IELTS sertifikatining kamida 5,5 ballini qo‘lga kiritgan bo‘lishlari kerak. Universitetga bir yilda ikki marta talabalar o‘qishga qabul qilinadi. Texnikumni bitirgan talabalar suhbat asosida ikkinchi kursdan qabul qilinadi. Shuningdek, xorijlik abituriyentlar ham suhbat asosida universitet talabasi bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda 60 nafardan ortiq chet ellik talabalar bizda tahsil olyapti.

- Oliy ta’lim muassasa qoshida jahon turizm tashkilotining akademiyasi ochiladi, - dedi universitet bo‘lim boshlig‘i Sardor Samariddinov. - Ayni paytda shahardagi eski "Sanoatqurilish banki" binosi o‘rnida qurilish jarayonlari ketyapti. Oktyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Bunday akademiya kam sonli davlatlarda mavjud. Masalan, akademiyada o‘qigan talabalar har yili bir davlatda tahsil oladi, keyingi yili boshqa davlatda tahsilni davom ettiradi.

Matbuot anjumanida soha mutaxassislari ayni paytda universitet talabalari uchun davlat xususiy-sheriklik asosida talabalar turar joyi qurilayotgani, o‘quv binosi zamonaviy shart-sharoitlarga egaligi va xorijlik professor-o‘qituvchilar faoliyati haqida jurnalistlarga batafsil ma’lumot berdi.

Xurshida ERNAZAROVA.