“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti Oksforddagi ta’lim darajasiga erishmoqchi

Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga 2019/2020 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun “Orintation week” haftaligi doirasida “Welcome to the University” nomli tadbir o‘tkazildi.

Yoshlarni universitet faoliyati, maqsad va vazifalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar va ularning ota-onalari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, universitet rektori  Aziz Abduhakimov belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, joriy yilda mazkur nufuzli ta’lim dargohiga o‘qishga qabul qilingan yoshlarni tabrikladi. Ularning o‘qishlariga muvaffaqiyat tiladi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida o‘tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ilgari surgan g‘oyasi asosida o‘tgan yil tashkil etilgan universitetimiz mamlakatimizda xalqaro talablar darajasida turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, – dedi A.Abduhakimov. – Bugungi kunda universitetimizda turizm sohasi uchun eng zarur va zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Qisqa vaqt ichida dunyoning o‘ndan ortiq davlatlaridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydik. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida ilk bor “Double degree” (qo‘shma diplom) dasturi bo‘yicha hamkorlikda talabalarni o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bu bizning talabalarimizga xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, malaka oshirish, tajriba o‘rganish imkoniyatini beradi.

Ayni payda universitetda mahalliy mutaxassislar bilan birga 20 nafarga yaqin xorijlik professor-o‘qituvchilar saboq bermoqda. Dars jarayonlari ilg‘or zamonaviy ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Statistik prognozlarga ko‘ra, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabalarining 92 foizi o‘qishni bitirgandan so‘ng olti oy davomida ish topishlari mumkin. Ish topishda bitiruvchilarga universitet qoshida tashkil etilgan Career Service (bitiruvchilar va kichik kurs talabalariga ish topishda ko‘maklashuvchi xizmat) yordam ko‘rsatadi.

Yaqin yillarda mazkur universitet nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoda o‘zining munosib o‘rniga ega ilg‘or oliy ta’lim muassasasiga aylanadi. G‘arbda Oksford universiteti qanday nufuz va maqomga ega bo‘lsa, Sharqda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti ana shunday darajaga erishishga intilmoqda.

– “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga eng yuqori ball bilan o‘qishga qabul qilingan talabalar qatorida ekanligimdan faxrlanaman, – deydi universitetning mehmonxona menejmenti yo‘nalishi talabasi Gulruxsor Murodullayeva. – Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan mazkur oliy o‘quv yurtida o‘qish orzuim edi va bugun bu orzuim ushaldi. Endi universitetni muvaffaqiyatli bitirib, yurtimiz turizm sohasi rivojiga hissa qo‘shadigan kadr bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Bu maqsad yo‘lida yaxshi o‘qishga, xalqaro tajribalarni o‘rganishga astoydil harakat qilaman.

Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov so‘zga chiqib, talabalarga bilim cho‘qqilarini zabt etishda muvaffaqiyat tiladi.

Marosim davomida universitet faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar ham namoyish etildi.

T.SIDDIQOV,

H.ELTOYeV (foto).