“Ipoteka-bank”ning sobiq xodimi 350 million so‘mni o‘zlashtirishda ayblanmoqda

“O-N” MChJ rahbarining murojaatiga asosan “Ipoteka-bank” ATIBning Surxondaryo filialida o‘tkazilgan tekshiruvda bank va jamiyat o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga ko‘ra, jamiyatga baliqchilikni rivojlantirish maqsadida sun’iy suv havzasi barpo etish hamda baliq chavoqlari hamda omixta yem sotib olish uchun 3 yil muddatga yillik 16 foiz bilan 1 milliard so‘m kredit ajratilgan.

Bank filialining qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi sobiq boshlig‘i K.Ibragimov mansab mavqeini suiiste’mol qilib, “O-N” MChJga ajratilgan 410 million so‘mlik kredit mablag‘ining so‘ndirilmaganligini bila turib, filial boshqaruvchisi nomidan notarial idoraga “jamiyat tomonidan mazkur summani kredit mablag‘lari muddatidan oldin qaytarilganligi to‘g‘risida” xat berib, band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etgan hamda “O-N” MChJga ajratilgan 350 million so‘m kreditni o‘zlashtirgan va jamiyat manfaatiga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazganligi aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat yuzasidan “Ipoteka-bank” ATIBning Surxondaryo filiali qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi sobiq boshlig‘i K.Ibragimov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 233-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.