Ipoteka krediti haqida xushxabar eshitishni istaysizmi, marhamat!

«Ipoteka krediti bozorini rivojlantirish va kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon imzolandi, deb yozmoqda davletovuz.

2 oy avval muhokamaga qo‘yilgan farmon imzolanibdi.

Farmonning eng e’tiborli jihatlari:

Birinchidan, maqsadli ipoteka dasturlari bo‘yicha imtiyozli davr 1 yilgacha qisqaradi.

Ikkinchidan, kredit bo‘yicha foiz stavkalari 5 yildan emas, bosqichma-bosqich qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha oshirib boriladi.

Uchinchidan, dasturda ishtirok etuvchi sub’yektlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2020 yil 1 yanvardan bekor bo‘ladi (demakki, arzon-uy-joylar narxi kalkulyasiyasida yana o‘zgarishlar kuting).

To‘rtinchidan, soliq davrida ipoteka kreditlari va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo‘naltiriladigan daromadlarning faqat 15 million so‘mlik qismigina soliqqa tortilmaydi (undayam xonadon qiymati 300 million so‘mdan oshmasligi lozim).

Beshinchidan, (eng qiziq, sut-qaymoqli joyi shu), 2019 yil 1 yanvarga qadar qurilishga ruxsat etilgan uy-joy fondi ob’yektlarini birlamchi uy-joy bozorida realizatsiya qilish oboroti 2020 yilning 1 yanvariga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan. Developerlarga salom yoki developerlardan kattakon rahmat! Farmonning ayni shu qismi loyiha paytida yo‘q edi, lop etib qo‘shilib qolganini qarang.

Yana bir holatni e’tiborga olish lozim, hujjat butun ma’no-mazmuni bo‘yicha ilgari sohada o‘ngga va chapga qarab-qaramay berib yuborilgan imtiyozlarni bekor qiladi yoki tartibga soladi, buni faqat olqishlash lozim.

Lekin oxiriga kelinganda chidash imkonsiz bo‘lgan, shekilli, mana senga deya "eng kam ta’minlangan, eng muhtoj, eng himoyasiz" developerlarga imtiyoz berilgan. Bechora developerlarning uy-joy qurish va propiska berish orqali biznesi rentabelligini yana ko‘tarib bersak beribmiz-da! Davlatimiz boy, bir joyimiz kamayib qolmaydi.

Nima deysizlar?