Ipoteka krediti: Qulayliklar ko‘paydi. Ulardan foydalanish tartibi osonlashdimi?
Keyingi yillarda qurilish-obodonlashtirish ishlari jadallashdi. Xususan, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash, turarjoy savdosini tartibga solish, jarayonga yangi me’moriy va iqtisodiy yechimlarni joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Fuqarolarning xarid imkoniyatini oshirishga xizmat qiluvchi ipoteka kreditlari shular jumlasidan.
Bugun samarqandliklar orasida ham bu kredit turiga ehtiyoj katta. Xo‘sh, ular bu qulaylikdan foydalana olyaptimi? Ipoteka kreditini rasmiylashtirishda fuqarolarga qanday talablar qo‘yiladi? Jarayonda kimga, qanday imtiyozlar beriladi? Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mutaxassisi Azamat Qosimovga ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollar bilan murojaat qildik.
– Ma’lumki, ipoteka kreditlari barchaga ham ajratilmaydi. Uning o‘ziga yarasha talablari bor. Ayting-chi, bugun tijorat banklaridan ipoteka krediti olmoqchi bo‘lgan fuqarolar nimani bilishi kerak?
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, ipoteka kreditini olish uchun fuqaro tijorat bankiga:
– ariza;
– qarz oluvchi(birgalikda qarz oluvchi)ning pasport nusxasi;
– sotib olinadigan uy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘i (Subsidiya bo‘lsa, davlat byudjetidan to‘lab beriladigan qat’iy belgilangan subsidiya va uy-joy qiymatining kamida 5 foizi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiriladigan bo‘lishi kerak);
– pudrat tashkiloti bilan xonadon sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnoma bilan murojaat qilishi lozim.
Aytish joizki, bunda qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining oxirgi 12 oy uchun daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bank tomonidan elektron tizim orqali onlayn olinadi. Agar elektron tizimda ushbu ma’lumot aks etmasa, fuqarolar kerakli ma’lumotlarni o‘zlari taqdim etishlari mumkin.
– Ushbu qoida ipoteka krediti olishda aholining ma’lum qatlami, jumladan, yangidan ish boshlagan yoki o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning huquqi cheklanishiga olib kelmaydimi?
– Doimiy ish joyidan 12 oy uchun daromadni hisoblash umumiy qoida hisoblanadi. Amalda bu tartib tijorat banklarining kredit siyosatiga qarab yengillashtirilishi mumkin. Bugun mazkur davrni 3 oydan 6 oygacha qilib belgilagan banklar ham bor. Shuningdek, qonunchiligimizda aholining bu qatlamiga kirmaydigan fuqarolar uchun ham ipoteka krediti ajratishning qator tartiblari ishlab chiqilgan. Masalan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga ko‘ra, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ham ipoteka krediti ajratilishi belgilangan. Bundan tashqari, ipoteka kreditlari shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek, ipoteka krediti bo‘yicha hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli bo‘lgan qonun hujjatlarida taqiqlanmagan hamda hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lgan shaxslarga ham beriladi.
Bunda qarz yuki ko‘rsatkichi fuqaro daromadining 70 foizidan yuqori bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, u ipoteka kreditini olish uchun birlamchi uy-joy bozorida sotib olinadigan xonadon qiymatining kamida 15 foizi miqdorida boshlang‘ich badalni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatimizda boshlang‘ich badal pulini to‘liq shakllantirgan 1949 nafar fuqaroga 470,7 milliard so‘m imtiyozli ipoteka krediti ajratildi. 2021 yilning 12 oyida bu ko‘rsatkich 1113 holatda 281 milliard so‘mni tashkil qilgan.
– Banklarda ipoteka krediti ajratish prinsipi turlichami? Masalan, mushtariylar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovimizda ularning aksariyati “O‘zmilliybank” hamda Xalq banki”dan kredit olish osonligini, boshqa ayrim banklarga murojaat qilganlar esa hujjat yig‘ish bilan ovora bo‘lganliklarini aytishdi. Garov reyestri barcha banklarda ham ishlamaydimi?
– Tijorat banklarida jismoniy shaxslarga ipoteka krediti ajratish tartibi Prezidentimizning tegishli farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bugun barcha banklarda ipoteka krediti ajratish prinsipi bir xil. To‘g‘ri, ayrim banklarda fuqarolar murojaat qilgan vaqtda qaysidir tizim ishlamay qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu vaqtincha va umumiy jarayonga baho berish uchun asos bo‘lmaydi.
Garov reyestri masalasiga kelsak, O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasida garov to‘g‘risidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerakligi, ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, notarial tartibda tasdiqlanishi kerak bo‘lgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan ko‘char mol-mulkni yoki mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozimligi, bundan birlamchi bozordan ko‘chmas mulk va transport vositalarini olish chog‘idagi ipoteka va garov to‘g‘risidagi shartnomalar mustasno ekanligi belgilab qo‘yilgan. Ushbu moddaning qoidalariga rioya qilmaslik garov to‘g‘risidagi shartnomaning haqiqiy emas, deb topilishiga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, shuningdek, tijorat banklarida kredit ta’minoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida bugun birlamchi bozordan uy-joy va avtotransport vositalari sotib olishda garov (ipoteka) shartnomalarini tijorat banklarining o‘zida rasmiylashtirish va hujjatni Garov reyestri sayti orqali Notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tizim murojaatchilarning kredit hujjatlarini rasmiylashtirishga ketadigan vaqtini tejash imkonini ham beradi. Aytish mumkinki, hozir viloyatimizdagi barcha tijorat banklarida mazkur tizim ishlaydi.
Viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan fuqarolarga subsidiya asosidagi ipoteka kreditlari 20 yil muddatga, yillik 17-18 foizdan, 6 oy imtiyozli davr bilan (mijoz xohishiga ko‘ra) ajratilishi belgilangan.
– Prezidentimizning joriy yil 22 sentyabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori nimani o‘zgartirdi?
– Mazkur hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi xonadonlarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat berildi. Bu esa aholining uy-joy xarid qilish imkoniyatini yanada oshirib, xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi.
Shuningdek, hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan aholiga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, ipoteka krediti ajratish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinishi belgilangan. Bundan tashqari, yil yakunigacha viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlarini tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgan.
– Samarqandda ipoteka markazlari bor emasmidi? Unda qanday xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi?
– To‘g‘ri, Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, Samarqand shahri hamda Urgut tumanida ipoteka markazlari tashkil etilgan. Ularda tijorat banklarining mas’ul xodimlari aholiga ipoteka krediti masalasida kompleks xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Yangi tashkil etiladigan markazda esa hududda uy-joy qurilishini amalga oshirayotgan pudrat tashkilotlarining sotuv ofislari va notarial idoralar, kadastr bo‘limlari va tijorat banklarining bank burchaklari tashkil qilinadi. Mazkur markazlarda pudrat tashkiloti va fuqaro o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan to‘lanadigan boshlangich to‘lovlarni qabul qilish uchun bank kassalarini joylashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Asqar Barotov tayyorladi.