Iqtisodchi muammo qo‘yadi: Klasterlash jarayonidagi nuqsonlar bartaraf etilsagina, iqtisodiy barqarorlikka erishish mumkin

Iqtisodiy tahlillar shundan dalolat beradiki, bir gektar sug‘oriladigan yerdan katta daromadni pomidor ekish hisobiga olish mumkin ekan. Buning uchun dehqon urug‘lik sotib olish, ko‘chat tayyorlash, kimyoviy o‘g‘itlar, texnika, yoqilg‘i, elektr energiyasiga taxminan 15 million so‘m sarflaydi. 45-50 ming tup ko‘chat qo‘l bilan ekiladi va buning uchun ish haqi sifatida 6 million so‘m sarflanadi.

Deylik, mahsulot tayyor bo‘lgandan keyin terimga chetdan yollanadigan ishchilarga 6 million so‘m to‘laydi. Tijorat bankining 25 million so‘mlik krediti uchun kamida 5 million so‘m foiz to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Yer solig‘ini qo‘shsak, bir gektarga amalga oshiriladigan jami ishlab chiqarish xarajatlari 35 million so‘mga tushadi.

Tajribali dehqonlarning omadi kelib, tabiat injiqliklaridan katta zarar ko‘rmasdan, ekinlarni kasallikdan asray olgan taqdirda ham yer birligining hosildorligi 50 tonnaga yetadi. Aytaylik, 25 tonna mahsulot qayta ishlash korxonasiga jo‘natildi. Bir kilogramm pomidor 800 so‘mdan qabul qilingan taqdirda, daromad 20 million so‘mni tashkil etadi. Uning 3 million so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i va 1,5 million so‘mi transport xarajatlariga ketadi. Qolgan 25 tonna mahsulot bozorda erkin narxlarda sotiladi va bundan qo‘lga kiritiladigan daromad 50 million so‘mga yetadi. Umuman olganda, bir gektardan olinadigan jami daromad 70 million so‘m, jami xarajatlar esa 45 million so‘m bo‘ladi. Foyda solig‘i to‘langanidan keyin agronomga maslahat uchun, buxgalterga hisobot uchun to‘lovlarni amalga oshirib bo‘lgach, dehqon ixtiyorida ko‘pi bilan 20 million so‘m sof foyda qolishi mumkin.

Mavsum davomida qo‘lga kiritilgan ushbu moliyaviy natija dehqon va uning 5-6 kishidan iborat oila a’zolariga yangi hosilgacha, ya’ni 9 oy davomida ro‘zg‘or tebratish uchun hayotiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Albatta, bu juda kam, ya’ni faqat ovqatlanish va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetadigan mablag‘. 

E’tiborli jihati, pomidorni ishlab chiqarish korxonalari bundan yuqoriroq narxlarda sotib ololmaydi. Nega deganda tayyor mahsulot qimmatga tushadi va xalqaro bozorlarda raqobatga dosh bera olmaydi. Aholi uchun ham ochiq maydonda yetishtirilgan bir kilogramm pomidor 2 ming so‘mdan qimmat bo‘lishi noto‘g‘ri.

Ayniqsa, qishloq aholisining turmush farovonligi agrar sohaning nechog‘lik samarali faoliyati bilan bog‘liq. Agar eng serdaromad ekinlardan birining natijadorligi shu holda bo‘lsa, demak, kambag‘alchilikni qisqartirish jarayoni ham shunga monand bo‘ladi.

Fikrimcha, ushbu sohaning samaradorligiga, birinchidan, agrar texnologiyalarning katta qismi qo‘l mehnatiga asoslanganligi, meva-sabzavotchilik sohalarida mexanizatsiyalash darajasining pastligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ikkinchidan, xo‘jalik mexanizmi, ya’ni kreditlash, soliqqa tortish, moddiy-texnik ta’minot zamon talabiga javob bermaydi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan, eksportni amalga oshirishdan moddiy manfaatdorlik tamoyillari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Mamlakatimiz hududlari bo‘yicha ekinlarni joylashtirish marketing faniga tayanib emas, balki ko‘proq markazlashgan holda va ma’muriy yo‘l bilan amalga oshiriladi.

Sug‘oriladigan yerlarning fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar va dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari o‘rtasida taqsimlanishida katta nomutanosiblik mavjud. Bu holatni bartaraf etishga yerlarni auksion orqali sotish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar takomillashmagan.

Ushbu muammolar o‘z yechimini topgan taqdirdagina mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat yaxshi tomonga o‘zgarishi, oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari va ishsizlik darajasi pasayishi mumkin.

Endi qayd etilgan raqamlarni paxta yetishtirishdan qo‘lga kiritiladigan daromad bilan solishtirib ko‘ramiz.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi yillarda paxtaning o‘rtacha hosildorligi 25 sentnerni, xarid narxi esa 6 million so‘mni (QQSsiz) tashkil etmoqda. Ko‘rinib turibdiki, bir gektar paxta maydonining daromadi 15 million so‘mga teng. Paxta xomashyosi qayta ishlanib, ip sifatida sotilgan taqdirda, yalpi daromad 30 million so‘mga yetadi. Buning uchun katta investitsion resurslar talab etiladi. Afsuski, amalda paxtaning 70 foizi aynan ip-kalava sifatida eksport qilinadi va shundan kelib chiqib, birlamchi bo‘g‘in ishlab chiqaruvchilarini rag‘batlantirish imkoniyati juda cheklangan. Sohaga ilg‘or sug‘orish texnologiyalarini joriy etishning pastligi ham shundan kelib chiqadi. To‘qimachilik klasterlari o‘zining moliyaviy holatini tushirib yubormaslik uchun paxtadan olinadigan ikkilamchi mahsulotlar - paxta yog‘i va chorva ozuqasini imkoni boricha qimmatroq sotishga intiladi. Bu inflyasion jarayonlarning jadallashishiga xizmat qiluvchi omil.

Paxta maydonlaridan olinadigan sof foydani ko‘paytirishning asosiy yo‘li - bu uni ip sifatida emas, balki tayyor trikotaj mahsuloti sifatida eksport qilish. Ammo amalda bunday bo‘layotgani yo‘q. Nega deganda, klasterlarning sanoqli qismigina kuchli moliyaviy menejment, injiniring va marketing xizmatlariga ega. Uzoq yillar davomida jahon bozorida shakllangan bozor munosabatlariga moslasha olmasdan kelayotganimiz hech kimga sir emas. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kompaniyalarimiz raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan Turkiya, Xitoy, Bangladesh, Vetnam kabi mamlakatlardan orqada qolib ketgan va klasterlash tizimiga o‘tganimizdan keyin ham bu borada sezilarli natijalarga erisha olmayapmiz.

Bu borada samaradorlikka erishish uchun xomashyo yetishtirishni qisqartirib, cheklangan moliyaviy resurslarni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq. Ip-kalava eksportini ko‘paytirish bilan rentabellik ko‘rsatkichida keskin o‘zgarish yuz bermayotgani yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Vaholanki, bunday yondashuv faqat xorijiy raqobatchi kompaniyalar manfaatiga xizmat qiladi. Bu esa o‘zimizga o‘zimiz zarar keltirayotganimizni bildiradi. Xalqaro marketing tadqiqotlariga kattaroq mablag‘ sarflash, buning uchun to‘qimachilik sohasida ixtisoslashgan kuchli xalqaro kompaniyalar xizmatidan foydalanish, mamlakatimiz iqtisodiy faoliyatidagi eng dolzarb vazifalardan biridir. Faqat shu yo‘l bilan investitsion faoliyatni, qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish va samaradorlikka erishish mumkin.

Tasavvur qiling, paxta respublikamiz ekin maydonlarining 1 million gektardan ziyodini, ya’ni to‘rtdan bir qismini egallaydi. Agar to‘qimachilik sohasida tub islohotlar, jumladan, klasterlash jarayonida mavjud nuqson va kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilmasa, mamlakatimiz iqtisodiyotida barqarorlikka erishish, bandlik va inflyasiyani jilovlashdek muhim masalalar yechimida ijobiy natijalarga erishish amrimahol.

Ilhom Vafoyev, iqtisodchi.