Iqtisodchi yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichidan voz kechish kerakligi haqida fikr bildirdi

"AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya aholisi yalpi ichki mahsulot 2-3 foizga o‘sgan taqdirda ham xursand bo‘ladi. Ularni ko‘proq Markaziy banklarning foiz stavkasi qiziqtiradi. Negaki, unda inflyasiya o‘z aksini topadi", deb yozadi iqtisodchi Ilhom Vafoyev.

Shuningdek, I.Vafoyev bu boradagi fikrlarini quyidagicha tahlil asosida bildirgan: "Iqtisodiy nazariyada yalpi ichki mahsulotdan tashqari yana bir qator makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, milliy daromad, uning iste’mol va jamg‘arishga bo‘linib sarflanishi ham bor. Mamlakat iqtisodiyotini kompleks ko‘rsatkichlar yordamida tahlil qilmasdan turib, undagi tendensiyalarni aniqlab bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlarda bunga hojat yo‘q. Chunki ularda uzoq yillardan buyon bozor iqtisodiyoti mavjud ishlab chiqarish salohiyatini maksimal darajada ro‘yobga chiqarib bo‘lgan va rivojlanish asosan raqobat omili hisobiga ro‘y beradi. Shuning uchun AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya aholisi yalpi ichki mahsulot 2-3 foizga o‘sgan taqdirda ham xursand bo‘ladi. Ularni ko‘proq Markaziy banklarning foiz stavkasi qiziqtiradi. Negaki, unda inflyasiya o‘z aksini topadi.

Oddiy misol. Korxonangizda mahsulot ishlab chiqariladi va uning natijaviy yalpi ko‘rsatkichi bir oy yoki bir yilda sotilishiga bog‘liq. Lekin agar siz bu ko‘rsatkichlarni oshirishga e’tibor berib, ishlab chiqarish quvvatidan to‘laroq foydalanishga, tannarxni pasaytirishga, sifatni yaxshilashga, mehnat unumdorligini oshirishga intilmasangiz, zarar ko‘rishingiz hech gap emas.

Mamlakat iqtisodiyoti ham shu nuqtai nazardan boshqarilishi kerak. Ya’ni, yil yakunlangandan keyin, iqtisodiy faoliyat natijalari tahlil qilinishi, jalb qilingan investitsiyalarning, pul-kredit va fiskal siyosatning samaradorligi, yalpi ichki mahsulot birligiga qilingan sarf-xarajatlar, jumladan energiya resurslarining sarflanishi ko‘rib chiqilishi lozim.

Keyingi yillarda bizda makroiqtisodiy tahlil soliqlar tushumi bilan cheklanib qolmoqda. Tan olish kerak, tahlil qanchalik chuqur amalga oshirilsa, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish ham shunchalik natijali bo‘ladi. Misol uchun, o‘tgan yili tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi, ammo pandemiya tufayli ulgurji iste’molchilarning katta qismi uning sarfini qisqartirdi. Tabiiyki, buning evaziga qish aholi uchun katta talofatlarsiz o‘tdi. Joriy yilda pandemiya asoratlari bartaraf etilgani sari ishlab chiqarish sur’atlari ham oshdi, energiya resurslari sarfi mos tarzda ko‘paydi. Ko‘plab yangi korxonalar ishga tushirildi, yangi uylar va ijtimoiy soha ob’yektlari qurildi, aholi o‘sishi bilan birga mehnat muhojirlarining katta qismi xorijdan qaytib keldi. Endi tabiiy savol tug‘iladi: ushbu o‘zgarishlar energiya ta’minotida inobatga olindimi, tegishli energiya balansi tuzilganmi, kengaygan ehtiyojlar hajmi bilan hududlarga ajratilgan limitlar mosligi solishtirilmoqdami? Agar bu savolga ijobiy javob topilmasa, korxonalar faoliyati to‘xtaydi.

Mamlakat aholisining ehtiyojlari yaxshiroq qondirilsagina iqtisodiy faoliyat samarali hisoblanadi. Lekin nima sababdan bu borada aniq o‘zgarishlar ko‘zga ko‘rinmaydi? Chunki boshqaruv faoliyati birinchi navbatda iqtisodiy samaradorlikka tayanib, aholi turmush darajasini yaxshilashga emas, balki katta mazmunga ega bo‘lmagan YaIMni nisbiy ko‘rsatkichlar asosida o‘stirishga qaratilgan.

Ovqatlanish bo‘yicha ilmiy asoslangan me’yorlar bor. Misol uchun, bir kishi yiliga 65 kilogramm kartoshka, 100 kilogramdan ortiq sabzavot, 36 kilogramm go‘sht iste’mol qilishi lozim. Lekin bu mahsulotlarning iste’mol etilishiga maqsadli yondashilmaydi-ku.

Makroiqtisodiy boshqaruv faoliyatini YaIM ko‘rsatkichiga tayanib amalga oshirish aholi turmush darajasiga teskari ta’sir qilmoqda. Chunki bir tomondan mahsulotlarni natura shaklida ko‘paytirish, ya’ni iloji boricha ko‘proq paxta, bug‘doy, sabzavot yetishtirish, agar buning iloji topilmasa narxlarni o‘stirish. Quvonarlisi shuki, shuncha yildan beri chetda qolgan holatga Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev e’tibor qaratdi. 2022 yildan boshlab mamlakat iqtisodiyoti nisbiy ko‘rsatkichlarda emas, aynan mutloq ko‘rsatkichlarga asoslanib o‘sishi maqsad qilib qo‘yildi. Shu paytgacha YaIM 5 yoki 5,5 foizga o‘sdi, deb aytilardi. Endi har yili ushbu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollar o‘rniga 5-6 milliard dollarga o‘sishi kerak. Har bir qo‘shimcha milliard bu qo‘shimcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, transport, sut, kiyim-kechak yoki bug‘doy degani. Umuman, YaIM ko‘rsatkichidan voz kechib, aholi ehtiyojlarini qondirish, davlat g‘aznasini to‘ldirishga xizmat qiladigan, tashqi iqtisodiy faoliyatni ijobiy natijalar bilan yakunlashni ta’minlaydigan tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohalariga e’tiborni kuchaytirish kerak", deydi iqtisodchi.