Iqtisodiy chegaralarimizda nima gap?
Joriy yilning 10 oyi davomida davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 2,63 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davrida 1,96 trillion so‘m bo‘lgan. Shu davrda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 2,56 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanilgan.
Bu viloyat Matbuot uyida viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘ayrat Sattorov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Ta’kidlanishicha, bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash tartiblari soddalashtirilishi natijasida hisobot davrida tadbirkorlar 727,8 milliard so‘m (2022 yil yanvar-oktyabr oylarida 641,5 milliard) miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lashda ushbu imkoniyatdan foydalangan.
Anjuman davomida tadbirkorlarga yaratib berilayotgan bu kabi imkoniyatlar viloyatimiz eksport hajmi oshishiga xizmat qilayotgani ham ta’kidlandi. Xususan, yilning 10 oyi davomida eksport – 565,7 million dollarni tashkil etib, o‘tgan 2022 yilning mos davriga nisbatan - 61,4 million dollar yoki – 12,2 foizga ko‘paygan.
Ma’lum qilinishicha, xorijiy bozorlarga chiqarilayotgan tovarlar orasida meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarning asosiy qismini tashkil qiladi. Shuningdek, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari eksporti ham yil sayin ortib bormoqda.
Bojxona xizmati iqtisodiy chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash borasidagi muhim idoralardan sanaladi. Jumladan, viloyatimiz bojxonachilari keyingi 10 oy davomida 947 ta huquqbuzarlik holatlarini aniqlagan. Bu bilan 25 milliard 726,1 million so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Shuningdek, 18 holatda 14,2 kilogramm giyohvandlik moddasi aniqlangan. Xususan, 13,7 kilogramm opiy, 31,12 gramm gashish, 509,68 gramm marixuana, 557 tup ko‘knori va 46 tup kannabis.
Bojxona organlari tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlarda qiymati 2,1 milliard so‘mlik 146 274 quti tamaki mahsulotlari to‘xtatib qolingan. Bundan tashqari, 4 holatda umumiy qiymati 5,5 million so‘mlik 800 dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ushlab qolingan.
Anjuman davomida mass-media xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Jasurbek Shukurov.