Iqtisodiy o‘sish va samaradorlik: Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash mumkinmi?

Joriy yilning 14 may kuni Prezident Sh.Mirziyoyev iqtisodiy faoliyatning birinchi chorak yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazdi. Unda qayd etildiki, hisobot davrida mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot 3,3 foiz, jumladan, sanoatda 3,6 va qishloq xo‘jaligida 3,1 foizga o‘sgan.

Videoselektorning materiallari bilan chuqur tanishsangiz, shunday xulosa kelib chiqadi: gap makroiqtisodiy o‘sish sur’atlarida emas, balki ushbu faoliyatning samaradorligi to‘g‘risida bormoqda. Tan olish kerak, shu paytgacha yondashuv umuman boshqacha edi.

Misol uchun, 2020 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha Jomboy tumanidagi “MAN” avtomobil zavodi tovar ishlab chiqarish hajmini 40 foizga pasaytirganda, iqtisodiy blok ushbu pasayishni qolgan 300 ta kichik korxona hisobidan yopish to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surgan edi. Bunday mantiqsiz g‘oya mualliflari ushbu korxonalar faoliyatiga ham pandemiya kuchli salbiy ko‘rsatganini inobatga olmasdan fikr yuritganlari aniq. Bunday yondashuvdan maqsad qanday bo‘lmasin, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash edi. Hammaga ayon, pandemiya sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasi, jumladan, jamoat transporti, umumiy ovqatlanish, turizm sohalari deyarli yarim yil davomida faoliyat ko‘rsatgani yo‘q. Shunga qaramasdan, statistik organlar 2020 yilning yakunlariga ko‘ra, xizmatlar sohasida 7 foizlik o‘sishni qayd etgani, ajablanarli.

Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida 8 foizlik soxta o‘sish ko‘ngildagidek natija bermaganini ko‘p ta’kidlashiga qaramasdan, ananaviy yondashuvdan haligacha voz kechmayotgan rahbarlar borligini alohida ta’kidlash joiz. Aslini olganda, YaIM aholi jon boshiga 1-2 foizga o‘sganda ham (sifat va yuqori mehnat unumdorligi hisobiga) katta ijtimoiy natijalarga erishayotgan mamlakatlar to‘g‘risida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Buning uchun makroiqtisodiy tahlilni nafaqat YaIM, balki milliy daromad, iste’mol va jamg‘arish fondlari, energiya samaradorligini belgilaydigan ko‘rsatgichlar asosida amalga oshirish maqsadga muvofiq. Misol uchun, O‘zbekiston YaIM birligiga ishlab chiqarish tarkibi o‘xshash mamlakatlardan energiyani uch baravar ko‘p sarflaydi. Bunday holatning uzoq muddat davom etishining asosiy sabablaridan biri -  shu paytgacha maishiy va ishlab chiqarish maqsadlarida yoritish va isitish me’yorlari alohida ishlab chiqilmaganidadir.

Mikroiqtisodiyot darajasida ko‘rib chiqilsa, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti birlamchi ishlab chiqarish bo‘g‘inida tovar mahsulotining hajmi degani. Xo‘sh, korxona faqat ushbu ko‘rsatgichga e’tibor qaratsa-yu, samaradorlik ko‘rsatgichlarini ikkinchi darajali deb hisoblasa, natija nima bo‘ladi? Albatta, samarali menejment bunga yo‘l qo‘ymaydi. Nega deganda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan maqsad foyda olish hisoblanadi. Mahsulot sifati yaxshilanmasa, uning tannarxni pasaytirishga yetarli e’tibor qaratmasdan nuqul ekstensiv yo‘l tanlansa, har qanday korxona kasodga uchraydi. Foyda – bu investitsion faoliyatning asosiy manbai.

Oxirgi 4 yil davomida asosiy kapitalga jalb etilgan investitsiyalar hajmi o‘rtacha hisobda 30 foizga o‘sib kelmoqda. Ammo milliard dollarlik qo‘shimchalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlayotgani yo‘q. Masalan, 2020 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti atigi 1,6 foizga o‘sgan. Tabiiy savol tug‘iladi, nima uchun oldingi uch yillik investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilmadi?

Gap shundaki, investitsiya iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash maqsadida emas, shunchaki, miqdoriy ko‘rsatkichlarni oshirish maqsadida amalga oshiriladi. Juda katta mablag‘lar evaziga ishga tushirilgan investitsion loyihalar samaradorligi ustidan tegishli monitoring yo‘lga qo‘yilmagan, uzoq yillar davomida iqtisodiy nazariya fani yordamida to‘plangan tajribalarga tayanish zarurati mutasaddi shaxslarning xayoliga ham kelmaydi.

Jahon iqtisodiyoti o‘ta og‘ir sharoitdaligini, undagi kon’yunktura jiddiy darajada salbiy tomonga o‘zgarganini bilib turib, statistik ma’lumotlarni kosmetik yo‘l bilan yasantirishdan ne foyda?

Ikkinchi chorakda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash mumkinmi? Ushbu maqsadga erishish uchun inobatga olinishi lozim bo‘lgan eng muhim omillar - birinchidan, aholining to‘lov qobiliyati, ikkinchidan, eksport potensialidan foydalana olish lozim.

Oziq-ovqat mahsulotlarining narxi boshqa tovarlarga nisbatan tez sur’atlarda o‘sayotgani hech kimga sir emas. 2020 yilda aholi yalpi daromadining 70 foizi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga sarflanayotgan edi. Bugunga kelib ushbu nomutanosiblik yana ham kuchaydi. Oqibatda yengil avtomobillar, yengil sanoat mahsulotlariga nisbatan xarid qobiliyati pasaydi. Go‘sht, sut, tuxum, kartoshka narxlari yuqori sur’atlar bilan o‘sib bordi, o‘rtahol oilalarning pullik daromadlari faqat ovqatlanish va kommunal to‘lovlar bilan cheklanib qolmoqda. Gap shundaki, qoramolning 90 foizi dehqon xo‘jaliklari tasarrufida. Ammo ularni arzon va sifatli ozuqa bilan ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘zga tashlanmayapti. Kartoshka yetishtirishga kreditlar 20 foiz va undan yuqoriroq stavkalarda ajratiladi. Chetdan import qilinayotgan ushbu mahsulotning bozor narxlari esa mahalliy mahsulotdan ancha arzon. Parrandachilik sohasini rivojlantirish va soha uchun ozuqa bazasini yaratish o‘rtasida katta uzilishlar mavjud.

Tan olish kerak, pandemiya sharoitida yangi korxonalarning bozorga kirishi amrimahol. “Bankrotlik to‘g‘risidagi” Qonun asosida bunday korxonalar faoliyatiga barham berish, ularga tegishli ishlab chiqarish vositalarini samarali faoliyat yuritayotgan korxonalar ixtiyoriga o‘tkazish maqsadga muvofiq. Shunday yondashuvda ko‘zlangan natijalarga erishish ehtimoli yuqoriroq. Xo‘jalik mexanizmi korxonalarni yiriklashtirishga qaratilishi lozim. Shubhasiz, bunday korxonalarning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi yuqori darajada.

Menejmentning asosiy vazifalaridan biri - bu tahlil va nazorat. Bizda esa bunga amal qilinmaydi. Misol uchun, Narpay tumanida 2020 yil yakunlari bo‘yicha ro‘yxatga olingan 190 ta sanoat korxonasidan 107 tasi hisobot topshirgan, xolos. Ko‘rinib turibdiki, mahalliy hokimiyat organlari yil davomida o‘z hududidagi korxonalar faoliyatidan bexabar qolmoqda.

Shunday ekan, iqtisodiy faoliyat samaradorligi oddiy, katta mablag‘lar talab etilmaydigan omillarga ham bog‘liq. Demak, iqtisodiy faoliyatdagi boshqaruv samaradorligini oshirishni shulardan boshlash kerak.

Ilhom VAFOYeV,

iqtisodchi.