Ishchi guruhning vakolatlari nimalardan iborat?

“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, ishchi guruh:

fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni o‘tkazishdan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;

hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi bo‘yicha umumiy yig‘ilishlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;

hovlilar, uylar, ko‘chalar aholisi umumiy yig‘ilishining ishtirokchilarini ro‘yxatga oladi hamda fuqarolarning saylangan vakillari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda aholining umumiy yig‘ilishi bayonnomasini tuzadi;

tegishli komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda tayyorlaydi;

fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;

fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) takroriy saylovi, shuningdek bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilishini tashkil etadi;

fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi.