Endi ishonchnomalarni fuqarolar yig‘inlari raisi (oqsoqoli) tasdiqlaydi

Paxtachi tumanida tuman adliya bo‘limi tashabbusi bilan fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 apreldagi “Shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish yuzasidan seminar tashkil etildi.

Seminarda tumandagi 59 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va kotiblari ishtirok etdi. Tadbirda ishtirokchilarga yangi qabul qilingan qaror hujjatlari mazmun-mohiyati tushuntirildi.

- Tasdiqlangan nizomga ko‘ra endilikda ishonchnomalar fuqarolar yig‘inlarining raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanadi, - deydi Paxtachi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Elbek Davronov. - Jumladan, shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek, shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yig‘inlarining raislari (oqsoqollari) berilayotgan ishonchnomalar orqali xat-xabarlarni, shu jumladan, pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga to‘lanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek, banklardagi summalarni olishga ishonchnomalarni tasdiqlashi mumkin.

Seminarda mavzu bilan bog‘liq savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

O‘lmas SAYDINOV.