Ishlab chiqarish sexida katta yong‘in chiqdi

Kecha, 18 sentyabr kuni Shayxontohur tumani Beshqayrag‘och ko‘chasi 2-uyda joylashgan “Ko‘kcha tekstil” MChJga qarashli tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish sexida yong‘in chiqqan. Bu haqda yong‘in xavfsizligi xizmati xabar qildi.

Olovni o‘chirish uchun 14 ta asosiy va 7 ta maxsus yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga yetib borganida sexning ichki qismi quyuq qora tutun bilan qoplanib, ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sexining 2200 kvadrat metr maydondagi ichki qismi va jihozlari yonib zararlangan. Yong‘in elektr payvandlash va kesish ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.