Ishonch, ruhiy tetiklik falajligimni davoladi
...Boshimga tushgan og‘ir kulfat tufayli qayg‘uraverib, insultga chalinib, falajlanib qoldim. O‘n yil davomida bu darddan qutula olmadim. Oyoq-qo‘llarim hissiz, deyarli harakatlanmasdi. Bu davrda ko‘rgan azob va og‘riqlarimning cheki yo‘q. Zamonaviy tibbiyotdan naf topavermagach, tabobatga umid bog‘ladim. Dardimga davo izlab, Ibn Sinoning tibbiyotga oid asarlarini o‘qiy boshladim. Hakimning bemorlarga aytgan "O‘zing kuchli bo‘l! Sen albatta, bu dardni yengasan. Sen hammadan ko‘ra yolg‘iz Xudoga va o‘z kuchingga ishonib yasha. Qolgan hammasi bekor", degan gaplari menga ruhiy tetiklik bag‘ishladi.
Ibn Sinoni o‘qib, shuni angladimki, men kabi favqulodiy falajlikka chalingan bemor o‘ta harakatchan bo‘lishga intilsagina bu dardni yengib o‘tishi mumkin ekan. Kitob meni shunga ishontirdi va asta-sekin dard bilan kurashishni, garchi bu juda og‘ir bo‘lsa-da, harakatchan bo‘lishga intilishni o‘rgatdi. Falajlik vasvasalaridan chalg‘itib, ruhimga ishonch bag‘ishladi. Bu ishonch degan ilohiy qudrat meni darddan forig‘ qildi. Va men inson sog‘lom bo‘lishi uchun avvalo, o‘zi bilan o‘zi kurashishi, ortga chekinmasligi kerakligini angladim.
Haqiqatan ham ishonch – kasallikka qarshi eng kuchli malham, bemorning buyuk tabibi.