Ishtixon mayizi-yu shafran guli aholini kambag‘allikdan chiqaradimi?
Ishtixon tumani viloyatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Bir paytlar faqat agrar sohaga ixtisoslashgan tumanda bugun sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlanib bormoqda. Islohotlarning tub zamirida aholini rozi qilish, ularni ish bilan ta’minlash, moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadlari ko‘zlangan. Xo‘sh, bunga qanday erishilmoqda. Tuman hokimi Shuhrat Negmatov bilan suhbatimiz o‘zgarayotgan Ishtixon, bugungi tashvishlar va istiqboldagi rejalar xususida bo‘ldi.
- Farovonlikka erishish, aholini rozi qilish albatta mablag‘ga, ishsizlikni kamaytirishga borib taqaladi, - deydi Sh.Negmatov. – 2017 yilda davlatimiz rahbarining tumanimizga tashrifi chog‘ida bizga katta vazifalar qo‘yildi va klaster korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilab berildi. Misol uchun, paxtachilik tarmog‘i katta zarar bilan ishlayotgan sohalardan edi. Prezidentimiz Ishtixon tumanida paxtani qayta ishlash borasida kamida ikkita korxona qurish lozimligini belgilab berdilar. Shu yo‘nalishda ish olib borib, bir yilda klaster korxonasi va qiymati 30 million dollarlik tekstil korxonasi tashkil etdik, 1,5 mingta ish o‘rni yaratildi. Bunday yirik korxonalarning ochilishi tumanimizda tadbirkorlikning rivojlanishiga, sanoat tarmoqlaridagi yangi imkoniyatlarning ochilishiga turtki berdi.
Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Mitan shaharchasida 200 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkoniga ega ikkita trikotaj fabrikasi ishga tushirilyapti. Xalqobod mahallasida ham 150 nafar qishloq ayollari bandligini ta’minlovchi tikuvchilik korxonasi ochilmoqda.
- Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, tumanda import salmog‘i juda yuqori. Bu mahsulotni qayta ishlash tarmoqlari rivojlanmaganidan dalolat beradimi?
- Haqiqatan ham tumanimizga 10 million 136 ming dollarlik mahsulot import qilingan. Lekin import tarkibida 9,8 million dollarlik asbob-uskunalar keltirilgan. Bu tumanda tadbirkorlik, sanoat rivojlanayotganidan dalolat. Bu yil 82 ta loyiha ustida ish olib boryapmiz, hozirgacha ularning 54 tasi ishga tushdi va yil yakunigacha barcha loyihar faoliyat boshlaydi. Importni kamaytirishdagi muhim jihatlardan biri ishlab chiqarishni mahalliylashtirish. Bu yo‘nalishda hozirgacha tumanimizdagi korxonalarda yuk avtomobillari va avtobuslar uchun ichki yoritkichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yilda moto va mini kultivator, uch g‘ildirakli yuk mototsikllari, dekor plastik mahsulotlari, avtomobillar uchun termoplast ehtiyot qismlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Tumanda ishlab chiqarish rivojlanayotgani aholining ham tadbirkorlikka qiziqishi ortishiga olib keldi. Masalan, o‘tgan yili tumanimizda ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 1300 nafar edi, hozir faoliyat yuritayotgan sub’yektlar 1700 dan oshdi.
Kiritilayotgan sarmoyalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, avval ham investitsiya haqida gapirilardi, lekin investorning qayerdan, qanday kelishini ko‘pam his qilmasdik. Bugun to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish bo‘yicha Xitoyning o‘zidan 1 million 400 ming dollarlik mablag‘ kiritilib, necha yillardan buyon foydalanilmayotgan marmar konlaridan mahsulot olish boshlandi. Sarmoyadorlar yana 10 million dollar investitsiya kiritib, bu sohani eksport darajasiga olib chiqish va tumanimizda bu yo‘nalishda sanoat klasterini tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Qolaversa, investitsiya dasturi asosida tumanimizda joriy yilda 146 milliard so‘mlik 89 ta loyihani ishga tushirib, 800 dan ortiq ish o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz. 2019 yilning 9 oyida 229 milliard so‘mlik 34 ta loyiha ishga tushirilib, 570 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, bu yil shu muddatda 67 milliard so‘mlik 54 ta loyiha ishga tushdi va 400 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Yana yil yakuniga qadar 79 milliard so‘mlik 35 ta quvvatni ishga tushirib 400 dan ortiq aholi bandligini ta’minlash niyatidamiz. Ishlab chiqarish tarmoqlarining rivojlanishi bilan birga ko‘plab ijtimoiy soha ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tuman markazidan o‘tuvchi katta yo‘lni ta’mirlash uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilib rekonstruksiya ishlari boshlangan.
- Tumanda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilish masalasida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?
- Tumanimizda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan 30 750 gektar yer bor va shundan 18 ming gektardan ortig‘i sug‘oriladigan maydon hisoblanadi. Suvdan tejamkorlik bilan foydalanish maqsadida o‘tgan yili 2491 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan bo‘lsa, bu yil 508 gektar lalmi maydon ana shunday texnologiyalar bilan jihozlandi. 2021 yilda esa 700 gektar paxta maydoni va 1000 gektar lalmi maydonga shunday zamonaviy texnologiyalar joriy etish rejalashtirilgan. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik tarmoqlarida ham yangi va yirik loyihalar ishga tushirildi. Ishtixon haqida gap ketganda uzumchilikka alohida to‘xtalmasdan o‘tib bo‘lmaydi. Tumanimizda uzumchilikni rivojlantirish maqsadida joriy yilda 17 nafar mahalliy investor tomonidan 508 gektar maydonda 11 milliard 684 million so‘mlik tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi va 300 kishining bandligi ta’minlandi.
Albatta mahsulotni yetishtirgandan keyin uni qayta ishlash va sotish muhim. Hozirda tumanimizdagi 5300 gektar uzumzordan 53 ming tonna hosil va undan 13 ming tonnadan ortiq eksportbop mayiz olinadi. Demak o‘rta hisobda mayizning o‘zidan 13 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati bor. Hozirgacha eksportyor korxonalarimiz Eron, Turkiya davlatlariga mahsulot chiqarishni boshladi. BAA, Afg‘oniston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston bilan hamkorlik shartnomalari tuzilmoqda.
Misol uchun, 2018 yilda 13 davlatga 8 million 927 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan va uning kam foizini uzum va mayiz tashkil qilgan. 2019 yilda eksport geografiyamiz kengayib 20 ta davlatga 13 million dollardan ortiq mahsulot sotdik va uning qariyb 3 million dollarini uzum va mayiz tashkil etdi. Bu yilgi pandemiya sharoitiga qaramasdan eksportyorlarimiz hozirgacha 4,5 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, endilikda Yevropa mamlakatlaridan, xususan Germaniya va Avstriyadan ham mayizga qiziqish bo‘layotganini hisobga olib mahsulotni ko‘hna qit’aga ham sotish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz. Mayizni qayta ishlash va qadoqlash va eksport salohiyatining ortishida tumanimizda xorijiy sarmoya ishtirokida tashkil etilgan logistika korxonalarining ulushi katta bo‘lmoqda.
Qolaversa, bu yildan pillachilik sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Avval pilla faqat xomashyo sifatida sotilgan bo‘lsa, endilikda tayyor mahsulot holida sotish rejalari ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
- Kambag‘allikni kamaytirish, bandlikni ta’minlash, aholining daromad manbaini shakllantirish borasida Ishtixon tumanida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Bu yilgi pandemiya sharoitida kambag‘al va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumandagi 1715 oilaga fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘alladan bo‘shagan maydonlardan takroriy ekin uchun 500 gektardan ortiq yer ajratildi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish uchun 273 gektar yerda 9 ta ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etilib, ularda qariyb 400 nafar kam ta’minlangan oilaning bandligi ta’minlandi, ularning har biriga 2 million 230 ming so‘mdan subsidiya ajratildi.
Misol uchun, “Chuqurko‘l balig‘i” ishlab chiqarish kooperativiga 22,7 gektar yer maydoni ajratilib, u yerda 48 nafar ishsiz fuqaroning har biriga qariyb 50 sotixdan yer ajratildi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida yer sharoitini hisobga olgan holda sholi ekib berildi va tajriba tariqasida sholizorda baliq chavaqlarini yetishtirish tajribasi amalga oshirilmoqda. Hisob-kitob qilganimizda sholi o‘rtacha 80 sentnerdan hosil berganda ham har bir oila kamida 3 tonna tayyor guruch oladi. Bu esa har bir oila kamida 30 million so‘m daromadga ega bo‘ladi, degani. Bu oilalarni kambag‘allikdan chiqarishning eng maqbul yo‘llaridan biri hisoblanadi. Biz yana oilalar daromadini oshirish va bandlikni ta’minlash borasida yangi yo‘nalishlarni va imkoniyatlarni ham ko‘rib chiqyapmiz. Bunga tumanda shafran guli yetishtirishni misol qilishimiz mumkin. Bu o‘simlikning madaniy va yovvoyi navlari bor. Ko‘pchilik shafranning madaniy navi bilan shug‘ullanadi, haqiqatda bu nav ancha qimmat va uning urug‘ini olish ham katta xarajat talab etadi. Lekin biz keyingi ikki-uch yilda uning yovvoyi navi bilan shug‘ullanib, ko‘p xonadonlarda ekib, daromadini ko‘rdik. Buni ham yuqori daromadli sohaga aylantirish mumkin ekan. Asosiysi bu o‘simlikka hech qanday ortiqcha xarajat talab qilinmaydi, o‘g‘it berilmaydi, faqat ekishdan oldin bir marta sug‘oriladi. Yana bir afzal tomoni bu o‘simlik fevral oyida ekilib, iyul-avgustda guli terib olinadi, o‘rniga takroriy ekin eksa ham bo‘ladi. Shu bois, bu yil 100 dan ortiq xonadondagi 3 gektar maydonga shafran ekdik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 sotixga ekiladigan shafran urug‘i bugungi kunda 1000 so‘mga ham bormaydi, lekin shu maydondan kamida 5 kilogramgacha shafran guli olish mumkin. Bu gulning 1 kilogrami mahalliy bozorlarda 500 ming so‘m, ayrim joylarda 600-700 ming so‘mdan ham sotilyapti. Agar o‘rtacha hisoblaganimizda ham 1 sotixdan 2 million 500 ming so‘m daromad olish mumkin. Shuning uchun biz 2021 yilda barcha kambag‘al oilaga yetadigan darajada shafran urug‘ini jamg‘ardik. Kambag‘al oilalar kamida 5 sotixdan shu o‘simlikni ekadi va biz uning urug‘ini bepul yetkazib beramiz. Rejaga ko‘ra, 2021 yilning yakuni bilan tumanimizdagi kam ta’minlangan oilalarning asosiy qismi kambag‘allikdan chiqadi.
- Ko‘p yillardan buyon tumanni boshqarayotgan hokim sifatida Ishtixonning eng og‘ir va yaxshi tomonlarini nimada ko‘rasiz?
- Ishtixonliklar avvaldan ham tadbirkor, ishbilarmon, mehnatkash xalq. Qaysi sohada bo‘lsa ham izlanuvchanligi, halolligi bilan muvaffaqiyatlarga erishgan. Bu yutuqlar o‘zimizniki lekin bizni qiynaydigan eng og‘ir masalalardan biri ishsizlik. Tumanda yashab turgan aholining bandligini ta’minlash uchun harakat qilyapmiz. Lekin hozir xorijda ishlayotgan fuqarolarimizni olib kelishimiz va ularni munosib ish bilan ta’minlashimiz lozim. Og‘riqli tomonlarimizdan biri ham chetda yurgan fuqarolarimizga ularning ehtiyojiga yetarli maosh bera olmayotganimizda bo‘lmoqda. Agar biz xorijiy investitsiyani ko‘proq jalb etib, ish o‘rinlari yaratib, ehtiyojga yetadigan darajada maosh bera olsak, ular albatta shu yerga qaytib, tumanning rivoji uchun mehnat qilishadi.
- Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.
Baxtiyor MUSTANOV foto.