Ishtixon tumanida maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlariga 80 million so‘mdan ko‘proq ish haqi nega to‘lanmagan?
Joriy yilning iyun-iyul oylarida Ishtixon tumani maktabgacha ta’lim tizimidagi tashkilotlarda huquqni qo‘llash amaliyoti, xususan mehnat konunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan monitoring o‘tkazilganda bir qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.
Xususan, 10-maktabgacha ta’lim tashkilotida S.Nosirova, O.Imamova, R.Juraqulova, I.G‘aniyeva va boshqalar dastlab 2018-2019 yillar uchun asosiy mehnat ta’tili, ta’til tugagandan so‘ng esa o‘z hisoblaridan ish haqi to‘lanmaydigan mehnat ta’tiliga chiqarilgan. Biroq xodimlardan o‘z hisobidan, ish haqi to‘lanmaydigan mehnat ta’tiliga chiqish haqidagi arizalar olinmagan bo‘lsa-da, buyruqlar chiqarilgan.
Mehnat kodeksida xodimning aybisiz bekor turib qolgan davrda uning o‘rtacha ish haqi saqlanishi va to‘lab berilishi belgilangan. Shunga qaramay tuman maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan 2019 yil avgust oyidan 2019 yil dekabr oyiga qadar 10 MTT ta’mirga tushganligi, faoliyat yuritmaganligi vaji bilan 32 nafar xodimning 80 million 524 so‘m ish haqlari to‘lab berilmagan.
Mazkur holat bo‘yicha tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilib, sud buyruqlari chiqarilishi ta’minlandi.
20-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining 2019 yil 22 oktyabrdagi 74 sonli buyrug‘i bilan tashkilot o‘rindosh tarbiyachisi S.Raxmonovaga tashkilot ichki mehnat qoidalariga, ijro intizomiga rioya qilinmaganligi uchun Mehnat kodeksining 181-moddasiga 1-bandiga asosan “xayfsan” intizomiy jazosi berilgan.
Buyruq chiqarilishiga va xodimga intizomiy jazo qo‘llanishiga tarbiyachi S.Raxmonova 2019 yil 16 sentyabr kuni to‘garak mashg‘ulotiga tayyor emasligi asos qilib olingan va xodimning tushuntirish xati hamda kasaba uyushmasi qarori ilova qilingan.
Vaholanki, Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llanilishi, intizomiy jazo berilgani to‘g‘risidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinishi lozimligi qayd etilgan.
Biroq S.Raxmonovaga jazo nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin 36 kundan so‘ng qo‘llanilib, u buyruq bilan tanishtirilmagan va tilxat olinmagan.
Shundan so‘ng, tashkilotning 2019 yil 26 oktyabrdagi buyrug‘i bilan S.Raxmonova bilan bo‘lgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning ichki mehnat intizomiga rioya qilmaganlik vaji bilan bekor qilingan.
Ammo buyruq asoslantirilmagan, mehnat shartnomasi bekor qilinishida tashkilot kasaba uyushmasi roziligi olinmagan. O‘z navbatida S.Raxmonovaga mehnat daftarchasi va ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi berilmasdan qonun xujjatlari talablari buzilgan.
Shuningdek, M.Jabbarova, S.Sirojova va Sh.Maxamatovaga 2019 yil 18 oktyabrdagi buyruqlar bilan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa-da, xodimlar buyruqlar bilan tanishtirilmagan va ulardan jazo qo‘llanishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tushuntirish xatlari olinmagan.
Bundan tashqari, tashkilot hovli supuruvchisi S.Mustafayeva 2020 yil 3 fevraldan ikki oy muddatga o‘z hisobidan, ish haqi to‘lanmaydigan mehnat ta’tiliga chiqqan bo‘lsada, uning ishga chiqishga ruxsat berish haqidagi buyruq chiqarilmasdan, ta’tilda bo‘lgan xodimga 2020 yil 18 martdagi buyruq bilan ikkinchi marta mehnat ta’tili berilgan.
Tashkilotda bir shtat birligida ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib kelgan D.Xamidovaning roziligi olinmasdan, mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritish haqidagi buyruq chiqarilmagan holda buyruq bilan 0,5 shtat birligi ingliz o‘qituvchisi M.Shamsiyevaga olib berilgan.
Monitoring natijasida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 2 nafar mansabdor shaxs ma’muriy jarima jazosiga, 1 nafar shaxs intizomiy jazoga tortildi. 26 nafar mansabdor shaxslar qonun hujjatlari talablari buzilmasligi haqida rasmiy ogohlantirildi, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga 1 ta taqdimnoma kiritildi.
B.Boymuradov,
Ishtixon tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.