Ishtixonda aholining bir necha muammosi hal etildi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev kuni 8 yanvar kuni Ishtixon tumanidagi qator mahallalarda bo‘lib, “Mahalla raisi - islohotchi” tamoyilini amaliyotga joriy etish, aholi muammolarini aniqlash va tezkor hal qilishda mahalla xodimlarining rolini oshirishga qaratilgan ishlar tahlili bilan tanishdi.
O‘rganishlar davomida tumandagi “Toytuyoq” mahallasi Xo‘jaqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi fuqarolar bilan uchrashib, bildirilgan takliflarga asosan, mahalladagi 500 metr yaroqsiz yo‘lga tez fursatda tosh yotqizildi. Uchrashuv davomida hududdagi “Oqdaryo” suv omborida suv sathi mart-aprel oylarida ko‘tarilishi natijasida qatnov yo‘li to‘silib qolayotganligi to‘g‘risida mahalla aholisi tomonidan bildirilgan muammoni bir hafta muddatda hal etish bo‘yicha mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
Tumanning Bog‘ixon va Bo‘ronxo‘ja mahallalarida yashovchi 100 ga yaqin fuqaro bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida aniqlangan muammo - yo‘l masalasi ijobiy yechim topdi. Shu kunning o‘zida Bog‘ixon mahallasi ichidagi 2 kilometr, Bo‘ronxo‘ja mahallasining Qorachuval qishlog‘idagi 1,2 kilometr yo‘l tosh va shag‘al tekislandi.
Shuningdek, Bog‘ixon hamda Toytuyoq mahallalaridagi ijtimoiy kam ta’minlangan aholi vakillari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi, unda 93 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Zarband mahallasidagi 105 ta, Bo‘ston mahallasidagi 177 ta, Gulobod mahallasidagi 105 ta, Shayxislom mahallasidagi 105 ta, jami 492 ta ehtiyojmand oilaga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. 23 ta fuqaroning bandligi ta’minlandi, 9 nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi, 14 nafariga o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha zarur ko‘mak ko‘rsatildi.