Islom karimov haykali poyi gullarga burkandi
Buyuk davlat va siyosat arbobi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va viloyatimizning barcha tuman, shaharlarida ham ulug‘ Yo‘lboshchimizni yod etishga bag‘ishlangan tadbirlar kecha erta tongdan boshlandi.
Registon maydoni yaqinida Birinchi Prezidentimiz haykali o‘rnatilgan xiyobonda viloyat jamoatchiligi vakillari, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar jam bo‘ldi.
Viloyat hokimligi va jamoatchiligi, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan haykal poyiga gullar qo‘yildi.
– Islom Karimov o‘zining olijanob insoniy fazilatlari, serqirra siyosiy faoliyati bilan yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi, – deydi Nurobod tumanidagi "Tutli qorako‘l zamini" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi R.Suyarov. – Erta tongdan minglab yurtdoshlarimiz ulug‘ Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bildirib, haykali poyiga gullar qo‘yayotgani yurtdoshlarimizning u kishidan minnatdorligidan dalolatdir. Qolaversa, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning mustaqilligimiz asoschisi nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirayotgan ishlaridan barchamiz mamnun bo‘lyapmiz.
Tadbirda viloyat jamoatchiligi bilan birga respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Samarqand azaldan dunyoga mashhur zamin, – deydi Chirchiq davlat pedagogika instituti talabasi M.Xojimurodova. – Xalqimizning ulug‘ farzandini ulg‘aytirgan bu yurt buyuk davlat va siyosat arbobi, xalqimizning suyukli o‘g‘loni mangu orom topgan joy sifatida yana tabarruklik sari yuz tutdi. Biz, yoshlarni farzandim, deb sevgan, tengdoshlarimizni jahon ilm-fani, tinchlik va taraqqiyotga munosib hissa qo‘shishga undagan Islom bobomiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. U kishining nomi abadiyatga daxldor.
Tadbirda viloyat hokimi T.Jo‘rayev ishtirok etdi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).