Islom taraqqiyot banki elektron to‘lov platformasini ishga tushirdi
Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruv kengashining Toshkentda o‘tkazilayotgan 46-yillik yig‘ilishi doirasida moliyaviy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi platformani joriy etish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Senegal Respublikasi Markaziy banki boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi Xalifa Abubakar Sarr, Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi Sunario Kartadinata, shuningdek, ITB vitse-prezidentlari doktor Zamir Iqbol va doktor Manusr Muxtor ishtirok etdi.
Pul mablag‘lari to‘lovini tezlashtiruvchi raqamli platforma bank operatsiyalarining samaradorligini oshiradi va ishbilarmonlik munosabatlarini amalga oshirishni soddalashtiradi.
Platforma foydalanuvchilarga real vaqt rejimida to‘lov talabnomalarining holatini kuzatib borish va xavfsizlikni ta’minlovchi shart-sharoitlarda to‘lov bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun loyihaviy guruhlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilishga imkon beradi.
ITBning moliya bo‘yicha vitse-prezidenti va moliyaviy direktori, doktor Zamir Iqbolning ta’kidlashicha, ITBga a’zo mamlakatlar rivojlanishga xizmat qiluvchi maqsadlarga erishishda ushbu yangi tizimning imkoniyatlaridan samarali foydalanishlari mumkin.
Platforma global texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mobil qurilmalarda aks ettirishga ham moslashtirilgan. Shuningdek, unda qo‘lda bajariladigan jarayonlar bilan bog‘liq boshqaruvdagi har qanday nuqsonlarni bartaraf qilish mumkin.
Pandemiya va ITB tomonidan a’zo mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar bank operatsiyalarining samaralorligi dolzarb ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, yangi elektron to‘lov platformasini ta’sis etish muhim strategik qadam bo‘ldi.