Ispaniya Burkina-Fasoda jurnalistlarning o‘ldirilishidan larzaga tushdi
Reporter David Beriayn va operator Roberto Fraile, shuningdek, ular bilan birga sayohat qilayotgan irlandiyalik jurnalist ushbu Afrika mamlakatida bir guruh qurollangan kishilar tomonidan o‘ldirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Televizion guruh Burkina-Fasoda brakonerlikka qarshi kurash haqida hujjatli film suratga olayotganda Gurma oblastida o‘g‘irlab ketilgan. OAV xodimlariga hamrohlik qilayotgan harbiy xizmatchining taqdiri noma’lum.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ispan jurnalistlari vafot etganini tasdiqladi. Sanches Beriayn va Fraile oilasi hamda yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Beriayn va Fraile xavfli hududlarda ishlash tajribasiga ega edi. Burkina-Fasoda ular ekologik faollar va harbiylar bilan harbiy transportda sayohat qilgan. Guruhga mamlakat sharqida, Benin bilan chegara yaqinida joylashgan Pama qo‘riqxonasi hududida avtomashina va mototsikllarda qurollangan odamlar otryadi hujum qilgan.
"Bu xavfli hudud, chunki odatda bu yerda terrorist guruhlar, brakonerlar, qaroqchi va jihodchilar faoliyat yuritadi", dedi Ispaniya tashqi ishlar vaziri Arancha Gonsales Laya.
Burkina-Faso hukumati hujum ortida terrorchilar turganiga ishonmoqda. Hukumat tafsilotlarni keltirmayapti. Avvalroq Al-Qoida bilan bog‘liq jihodchi guruh jurnalistlarning o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani haqida ma’lum bo‘ldi. Ma’lumotlar tekshirilmoqda.