Isrofgarchilikka chek qo‘yish vaqti keldi
Qaror loyihasida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham keltirilgan. Ushbu Nizom to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi. Xalqimizning milliy urf-odatlari, ma’naviyati, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini hurmat qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikning oldini olishga qaratiladi.
Nizomga asosan, to‘y-hashamlar soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlari soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkazilishi belgilanmoqda. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi.
Qayd etilganidek, belgilangan odam sonidan ortgan to‘y-hashamlarda to‘y va to‘yxona egalari ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Har bir tuman va shahar uchun eng maqbul to‘y uslublari xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, imom-xatib, xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» jamoat fondi, «Nuroniy» jamg‘armasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bo‘limlari faollari ishtirokidagi kengashda tasdiqlanishi kerak.
Shu bilan birga, Nizomda xalqimizning milliy an’analariga yot bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir vaqtidagi va keyingi qo‘shimcha, ya’ni «tanishuv», «sep yoydi», «quda tanish», «ota ko‘rdi», «ota keldi», «charlari», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «kuyov navkari», «kelin navkari», «kelin salom», «tog‘ora yuborish» va shu kabi boshqa tadbirlarni o‘tkazish man etiladi. Shuningdek, «pul qistirish», «pul sochish», «sevgi tarixi» («Love story») kabi odob-axloqqa zid bo‘lgan boshqa holatlarga ham chek qo‘yiladi.
Nizomga muvofiq, deputatlik nazorati natijalari bo‘yicha mahalliy urf-odatlar, milliy an’analardan kelib chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli hududdagi oilaviy tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa qo‘shimcha talablar hamda tavsiyalar belgilanishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu qaror bilan to‘ylar va ma’rakalardagi sarf-xarajatlarni qisqartirish, nomaqbul holatlar va isrofgarchiliklarning oldini olish masalalari ijobiy yechimini topadi.
Sahobiddin ARZIQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.