"Issiqlik manbai": Qozonxonalar isitish mavsumiga tayyormi?
2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilish Respublika ishchi guruhi viloyatimizdagi issiqlik ta’minoti yo‘nalishida ham o‘rganishlar olib bordi.
Joriy yil viloyatdagi 22 ta markaziy qozonxona mukammal va joriy ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha ulardan 4 tasi mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Shuningdek, rejadagi 24 lokal qozonxona va 124 ta qozonni o‘rniga 10 ta lokal qozonxona va 25 ta qozon joriy ta’mirdan chiqarildi.
1964 yilda Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida RK-1 markaziy qozonxonasi ishga tushirilgan bo‘lib, 93 ta ko‘p qavatli uylarning 5280 ta xonadoniga va 10 ta korxona-tashkilotga ulangan. Issiqlik tarmoqlarining uzunligi 15,4 kilometrni tashkil etadi. Biroq 2014 yildan beri markaziy qozonxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bunga barcha qozonlar, maxsus asbob-uskunalar va issiqlik uzatish quvurlarining 30 yildan buyon biror marta almashtirilmaganligi sababli yaroqsiz holga kelgan. Jumladan, ko‘p qavatli uylarning ichki isitish quvurlari ham butunlay yaroqsiz ahvolda.
Prezidentimizning qarorlariga asosan, “Samarqand shahridagi RK-1 markaziy qozonxonasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish” loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2020-2021 yillarda yangi qozonxona qurilib quvvati 63 Gkal/soat va 15,4 kilometr masofaga zamonaviy issiqlik uzatish quvurlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Loyiha bo‘yicha tender savdolarida “Elit Grand” MChJ g‘olib bo‘lgan. Hozirda moliya vazirligi mutaxassislari tomonidan ushbu loyihaning manzilli dasturi ishlab chiqilmoqda. Shaharning Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan RK-2 markaziy qozonxonasi 1968 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 381 ta ko‘p qavatli uylardagi 18.864 ta xonadon va 22 ta korxona-tashkilotlarni isitib kelgan. Biroq u ham 2016 yildan beri ishlamaydi.
Jahon banki tomonidan ajratilgan 30,1 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan «Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 38,8 kilometr masofaga zamonaviy issiqlik tarmoqlari va 418 ta issiqlik taqsimlash punktlari o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand shahridagi RK-2 qozonxonasida loyiha qiymati 235 million AQSh dollariga teng bo‘lgan kogeneratsiya texnologiyasi asosida ish olib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu borada “O‘zkommunxizmat” uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Jahon banki, jahon konsalting kompaniyasi hamda “SEST Infrastrukturniy Konsalting” MChJ (Rossiya) bilan shartnoma imzolangan. Joriy yil 10 aprel kuni amaliy ishlar boshlanganligi to‘g‘risida bildirishnoma kelgan bo‘lsa-da, lekin hanuz tender o‘tkazish uchun hujjatlar tayyorlanmagan.
Nurobod shahridagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 1974 yilda ishga tushirilgan qozonxona hozirda viloyat “Issiqlik manbai” DUK balansiga o‘tkazilgan. Mazkur qozonxona 93 ta ko‘p qavatli uy, 63 ta kottej, 33 ta korxona va tashkilot, shuningdek, kombinatning 28 ta ob’yektlariga 24 soat mobaynida issiq suv va issiqlik yetkazib beradi. Ammo, kuz-qish mavsumida qozonxonada gaz bosimi yetarli bo‘lmaydi.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat
ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.