"Issiqlik to‘lqinlari oshaveradi": Shveysariya muzliklari rekord darajada qisqarmoqda

Shveysariya Alp tog‘laridagi muzliklar rekord darajada erimoqda, so‘nggi ikki yil ichida hudud 10 foizga: o‘tgan yili 6 foizga, bu yil 4 foizga qisqardi.

Shveysariyaning kriosferani kuzatish komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki yil ichida 1960 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrdagi hajmda muz erigan.

Muzning yirik yo‘qotilishi qishda qorning juda kam yog‘ishi va yozgi yuqori harorat natijasidir. Muzliklar erishi butun Shveysariyaga ta’sir qildi. Mamlakatning janubiy va sharqiy qismidagi muzliklar ham shiddat bilan eriy boshladi.

YuNESKO hisob-kitobiga ko‘ra, yaqin 30 yil ichida BMT Jahon merosi ob’yektlari ro‘yxatidagi muzliklarning qariyb uchdan bir qismi erib ketadi.

Vaholanki, ikki milliard odam suv ta’minoti muzliklar va mavsumiy qor erishiga bog‘liq joylarda yashaydi.

Yaqinda Shveysariyada o‘tkazilgan referendumda yangi qonun ma’qullandi va unda 2050 yilga qadar issiqxona gazlari chiqishi nolga tenglashtirilishi aytiladi. BMT tomonidan esa 2025 yil - Xalqaro muzliklarni saqlash yili deb e’lon qilindi.

Darhaqiqat, o‘tgan yoz dunyo tobora qizib borayotganini yana bir bor isbotladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, buning sababi - issiqlik to‘lqinlari oshishini jadallashtiruvchi iqlim o‘zgarishidir. O‘rmon yong‘inlari va cho‘l changlari tufayli kuchaygan ushbu o‘ta yuqori harorat havo sifati, inson salomatligi va atrof-muhitga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra:
• kelajakda ekstremal issiqlik to‘lqinlari tobora oshib boradi;
• havo sifati va iqlim o‘zgarishi masalalari tezkor va birgalikda hal qilinishi kerak;
• 2022 yilgi Yevropa issiqlik to‘lqini, shubhasiz, ozon qatlami ifloslanishining oshishiga olib keldi;
• o‘rmon yong‘inlari tutuni inson salomatligi, ekotizim va ekinlarga zarar yetkazdi;
• "shahar issiqlik orollari" park va daraxtlarni kamaytiradi.

Xullas, inson faoliyati natijasida hosil bo‘lgan, issiqxona gazlari yuzaga keltirayotgan iqlim o‘zgarishi uzoq muddatli global tahdiddir.

G.XOLDOROVA tarjimasi.