Issiqxonada o‘simliklarga qarshi qanday kurashiladi?

Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan issiqxonalarda pomidor yetishtirishdagi muammolarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

"Syngenta Agro Services AG" kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “AGRO CENTRAL” agroxizmatlar markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda issiqxonalar egalari, eksportyor korxonalar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda issiqxonalarda yetishtiriladigan pomidor navlari va ularda uchraydigan kasallik va zararli hasharotlarga qarshi kurash tadbirlariga to‘xtalindi.

- Pomidor yetishtirishda avvalo, issiqxona maydonini kimyoviy vositalar bilan fumigatsiya qilish shart, - deydi o‘simliklar karantini viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahror Boboqulov. - Bu o‘z navbatida zararli hasharotlarning urug‘lari, lichinkalari va kapalaklarni yo‘q qiladi hamda ba’zi ekin kasalliklariga qattiq ta’sir ko‘rsatadi. Ekiladigan ekin maydonlaridan tuproq namunalari olinib, tegishli laboratoriyalarda tahlil qilinishi kerak. Bunda ekin ekiladigan yer maydonidagi o‘g‘itlar normasi bilan to‘yintiraladi, ekiladigan urug‘ navi tanlanadi. Bunda issiqxona sharoitidan kelib chiqib, kasalliklarga chidamli yuqori hosildorlikka mos navlar tanlanib ekiladi. Misol uchun, “Dantino A F1”, “Kommado”, “Mamstom  F1”, “Torri”, “Dafnis” va hokazo navlar iqlim sharoitimizga mos keladi.

Seminarda issiqxonalarda yetishtiriladigan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ekinlarining navlari, agrotexnikasi va karantin kasalliklari, zararkunanda hasharotlar, ularga qarshi kurash metodikasi atroflicha tushuntirildi. Seminar qatnashchilarining savollariga atroflicha javoblar berildi.

O‘simliklar karantini agentligi viloyat hududiy boshqarmasi.