Istirohat bog‘lari, parklar va xiyobonlar egalari va ularni ijaraga olgan tadbirkorlarga yer solig‘i kamaytirildi

Umumiy maydonining 60 foizida ko‘kalamzorlashtirish ob’yektlari mavjud bo‘lgan istirohat bog‘lari, parklar va tematik xiyobonlarga hamda ularni ishonchli boshqaruv va ijaraga olgan tadbirkorlarga nisbatan ushbu faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash to‘g‘risida

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi QARORI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-46-sonli farmoni, Samarqand viloyati hokimining 2022 yil 7 yanvardagi 5-7-0-Q/22-son qarori, viloyat davlat soliq boshqarmasi (19/10-00599-son) va viloyat moliya bosh boshqarmasining (GI01648514-son) 2022 yil 7 yanvardagi xulosalariga asoslanib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ellik to‘qqizinchi sessiyasi QAROR QILADI:

1. Samarqand viloyati shahar va tumanlari bo‘yicha umumiy maydonining 60 foizida ko‘kalamzorlashtirish ob’yektlari mavjud bo‘lgan istirohat bog‘lari, parklar va tematik xiyobonlarga hamda ularni ishonchli boshqaruv va ijaraga olgan, investitsion majburiyatlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirib borayotgan va soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarga nisbatan ushbu faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalariga qo‘llaniladigan kamaytiruvchi koeffitsiyentlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov), viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev), viloyat davlat soliq boshqarmasi (A.Inog‘omov) mazkur qarorga asosan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalariga qo‘llaniladigan kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni soliq to‘lovchilarga o‘rnatilgan tartibda yetkazilishini ta’minlansin.

3. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi (M.Mirzayev), viloyat hokimligi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” (A.Anvarov) ushbu qarorni ommaviy axborot vositalarida chop etilishi hamda viloyat hokimligi rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (F.Nasrullayev) va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (J.O‘roqov) zimmasiga yuklansin.

5. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Kengash raisi                 E.Turdimov
2022 yil, 12 mart
№ VI-59-51-7-0-K/22