Ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim sifatini oshirishga bag‘ishlangan viloyat seminari bo‘lib o‘tdi

Samarqand viloyatidagi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish, ularning faoliyatidagi kamchiliklarga barham berib, ilg‘or g‘oya va tajribalarni ommalashtirish maqsadida Past Darg‘om tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatida viloyat amaliy seminari tashkil etildi.

Seminarda 1-IDUMIning oliy toifali o‘qituvchilari tomonidan noan’anaviy yondashuv asosida ochiq darslar tashkil etilib, ishtirokchilar uchun mahorat darslari o‘tib berildi. O‘qituvchilar darslarda erishilgan natijalarni tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarni muhokama qilishdi.

Shuningdek, seminar doirasida viloyat ixtisoslashtirilgan maktab direktorlar kengashining tarkibi qayta ko‘rib chiqildi.

Ochiq darslar yakunlangach, viloyat seminarining yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari so‘zga chiqib, viloyatda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda, o‘quvchilarning ayrim fanlardan chuqur bilim olib, yuqori natijalarga erishishida ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari yetakchi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Ayrim ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan tahlillar, o‘quvchi va o‘qituvchilar bilim va ko‘nikmalarining sinovi natijalari, ta’lim muassasalardagi umumiy holat talablarga javob bermasligi ham qayd etildi. Bu kabi kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini doimiy nazorat qilish, ularda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, bu boradagi kamchiliklarga barham berish maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Viloyat ixtisoslashtirilgan maktab direktorlari kengashi”ning tarkibi qayta ko‘rib chiqildi. Bir hafta muddatda kengashning yillik rejasini tuzish va tasdiqlash, viloyat ixtisoslashtirilgan maktablarining seminarlarini tashkil etishga kelishib olindi.