Jadidchilik harakati va Saidrizo Alizoda: milliy uyg‘onish va ma’naviy yangilanish manbalari

Amerikada chop etiladigan “American Journal of Language, Literacy and Learning in STEM Education” jurnalida Samarqand davlat chet tillar instituti mustaqil tadqiqotchisi Ulug‘bek Nazarov Saidrizo Alizoda haqida shu nomdagi maqolasi chop etildi.  

Quyida ushbu maqolani qisqartirilgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.

***

Samarqand jadidchilik harakatining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Saidrizo Alizoda o‘z umrini xalqni ilm-ma’rifat nuri bilan yo‘g‘rilgan holda tarbiyalashga, milliy o‘zlikni anglashga chorlashga bag‘ishlagan fidoyi ma’rifatparvar edi.

U uchun ma’rifat jamiyatni zulmatdan nur sari yetaklovchi qudratli vosita, insonni o‘zligini anglashga, tarixiy ildizlariga qaytishga olib boruvchi yo‘l edi. Alizoda xalq qalbiga o‘zlikni anglash, milliy g‘urur, erkin tafakkur va taraqqiyot g‘oyalarini singdirish orqali jamiyatda uyg‘onish, yangilanish harakatlarini rag‘batlantirishni o‘zining asosiy maqsadi qilib oldi.

Saidrizo Alizoda o‘z davrining yetuk ma’rifatparvarlaridan biri sifatida Sharq va G‘arb tamaddunlari o‘rtasida ilmiy-ma’naviy ko‘prik vazifasini bajargan taniili ma’rifatparvar edi. U o‘zining keng dunyoqarashi, chuqur bilimdonligi va ko‘p tillilik salohiyati orqali o‘zbek hamda tojik tillarini boyitish, xalqlararo madaniy muloqotni rivojlantirish yo‘lida ulkan xizmatlar ko‘rsatgan.

Alizodaning serqirra tarjima faoliyati nafaqat jahon adabiyoti durdonalarini mahalliy o‘quvchilarga yetkazishga, balki Sharqning mumtoz asarlarini rus tiliga tarjima qilish orqali G‘arb jamoatchiligini Sharq adabiy-falsafiy merosi bilan tanishtirishga ham qaratilgan edi. U adabiyot, tilshunoslik va madaniyat sohalarida faoliyat yuritar ekan, tarjima ishini oddiy lingvistik jarayon emas, balki madaniyatlararo muloqot, tafakkurlar chorrahasidagi uzviy aloqadorlik sifatida baholagan.

Manbalarda yozilishicha, 1906 yilda Saidrizo o‘z maktabini ochishga qaror qiladi va rusiyzabon aholi uchun o‘zbek va tojik tillari kurslarini tashkil qiladi. Shu bilan birga u o‘z davrining peshqadam va taniqli kishilaridan edi. Albatta, Saidrizo ham “so‘zlovchi shaxs” sifatida o‘z davr nuqtai nazaridan kelib chiqib, hodisalar, voqealar, harakatlarning shunchaki tavsifini ko‘ra bila turib jo‘ngina bir hodisa sifatida qaramaydi, ongli shaxs sifatida o‘zining jamiyatdagi mavqeidan kelib chiqib, o‘zining ma’rifiy nutqini baralla ayta oladi.

Saidrizo Alizoda nafaqat adabiyot va tarjimashunoslik, balki musiqiy madaniyatni ham chuqur anglagan, uning estetik va tarbiyaviy kuchini yuqori baholagan ziyoli edi. U musiqani xalq ma’naviyatining ajralmas bir bo‘lagi, milliy o‘zlikni ifodalovchi estetik shakl sifatida qabul qilgan. Ayniqsa, u musiqaning inson ruhiyatiga, tafakkuriga va tarbiyasiga ijobiy ta’sirini chuqur anglab, uni ma’rifiy vosita sifatida qadrlagan.

Manbalarga ko‘ra, 1913 yilda Alizoda Uzeir Gajibekovga xat bilan murojaat qilib, undan O‘zbekistonda, ko‘p sonli ozarbayjonlar istiqomat qiladigan Samarqandda shu millat musiqasini ommalashtirishga yordam berishni so‘ragan. Bungacha u Bokuga, M.Sobirnikiga borganida U.Gajibekov bilan bir necha bor uchrashgan. Gajibekov uning iltimosini bajarib, Samarqandga bir guruh musiqachilarni jo‘natgan. Ularning yordamida Saidrizo Alizoda Samarqandda U.Gajibekovning “Unisi bo‘lmasa, bunisi”, “Arshin mol olon” musiqali komediyalarini va boshqa asarlarni sahnalashtirgan. Keyinchalik tojik tilida J.Molerning “Zo‘raki tabib” asarini sahnaga olib chiqqan. U musiqani shunchaki madaniyat elementi emas, balki milliy o‘zlikni anglash, estetik tarbiya va ma’naviy uyg‘onish vositasi sifatida tushungan. Bu nuqtai nazar Alizodaning jamiyatni har tomonlama yetuklashtirishga bo‘lgan yondashuvida muhim o‘rin egallaydi.

Shuningdek, Alizoda Sharq musiqiy an’analarining falsafiy ildizlarini ham qadrlagan, uni faqat eshitiladigan ohang emas, balki ruhiy-axloqiy holat sifatida talqin qilgan. Bu jihatlar uni estetik tafakkurga ega, musiqiy madaniyatni teran anglagan mutafakkir sifatida ko‘rsatadi.

Saidrizo Alizoda o‘z publitsistik faoliyatida vatanparvarlik g‘oyasini faqat tuyg‘u darajasida emas, balki ijtimoiy ongni uyg‘otuvchi, milliy o‘zlikni shakllantiruvchi g‘oyaviy kuch sifatida targ‘ib qilgan. Uning “Turkiston – bizning Vatanimiz” nomli maqolasida ifodalangan fikrlar bunga yaqqol dalildir. Alizoda ushbu maqolada o‘zining ona yurtga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatini chuqur his-tuyg‘u va g‘oyaviy qat’iyat bilan bayon etadi. U quyidagi chaqiriq orqali o‘quvchilar qalbida vatan dardiga befarq qolmaslik, zulm va istibdodga qarshi kurash g‘oyalarini uyg‘otishga intiladi: “Bizning Vatanimiz – taqdiri zulmkor chor hukumati qo‘lida bo‘lganida, Vatanimiz nomusi o‘zgalarning qonli changalida azob tortganida biz qanday jim turamiz?!”.

Bu chaqiriq Alizodaning publitsistik tilida faqat siyosiy bayon emas, balki ruhiy uyg‘onish, milliy o‘zlikni anglash va fidoyilik ruhida tarbiya berish usuli sifatida namoyon bo‘ladi. Xususan, “Shu’lai inqilob” jurnalining 1919 yil 4-sonida chop etilgan maqolasida ham Alizoda Vatan tinchligi, baxti va istiqboli uchun kurashish zarurligini muqaddas burch sifatida talqin qiladi. U Vatan bag‘rida yashab, uning ne’matlaridan bahramand bo‘lish, ammo unga sodiq va g‘ururli farzand bo‘lolmaslikni insoniy va axloqiy nuqson sifatida qoralaydi: “Shu yerning ob-havosidan bahramand bo‘lib kamol topsang-u, uning sharafini himoya qiluvchi nomusli va sodiq farzand bo‘lolmasang…”.

Bu fikrlar Alizodaning Vatan haqidagi qarashlari shunchaki ritorik emas, balki axloqiy-falsafiy mezon, insoniy pozitsiya va milliy majburiyat darajasida shakllanganini ko‘rsatadi.

Saidrizo Alizoda ana shunday yuksak va hur fikrlari orqali o‘quvchilar ongida milliy iftixor, erkinlik ruhi va Vatanga muhabbatni uyg‘otgan. Uning chaqiriqlari ma’naviy uyg‘onishga undovchi kuchli g‘oyaviy manba bo‘lib, o‘z zamonida milliy uyg‘onish harakatiga turtki bergan, bugun esa milliy ongni mustahkamlovchi bebaho meros sifatida qadrlanadi.

Saidrizo Alizoda millat istiqbolini faqat tashqi siyosiy omillar, ya’ni mustaqillik, erkinlik va ozodlik bilan bog‘lash bilan kifoyalanmagan; u bu tushunchalarning mohiyatini chuqur falsafiy nuqtai nazardan anglab, ularni ichki ma’naviy yangilanish bilan uzviy bog‘liq holda talqin etgan. Uning tafakkurida haqiqiy ozodlik, bu, avvalo, tafakkur ozodligi, ongning uyg‘onishi va insonning o‘zligini anglash jarayoni edi.

Alizoda millat taraqqiyotini g‘oyaviy jihatdan "taqdir emas, tanlov" deb bilgan. Ya’ni, xalqning kelajagi tashqi kuchlar emas, ichki intilish, bilim, tafakkur va ma’naviy uyg‘onish orqali belgilanishi kerak. U jamiyatning rivojlanishini deterministik (oldindan belgilangan) emas, balki inson ongining o‘zgaruvchanligi va shakllanishiga asoslangan irodaviy jarayon sifatida ko‘rgan.

Boshqa davlatlarning ta’lim tizimini o‘rganib, ularni falsafiy tajriba maydoni sifatida tahlil qilgan Alizoda uchun ta’lim — bu shunchaki bilim berish vositasi emas, balki insonni inson qiluvchi, uni tarixiy sub’yektga aylantiruvchi g‘oyaviy kuch edi. U ta’limni jamiyatning o‘zini anglash vositasi sifatida ko‘rgan: bu anglash milliy o‘zlikni shakllantirish, ijtimoiy ongni uyg‘otish va o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlash imkonini beradi.

Shu bois Saidrizo Alizodaning qarashlarida mustaqillik, bu siyosiy maqom emas, balki ong holati, erkinlik esa tashqi qobiq emas, balki ichki mazmundir. U millat taraqqiyotini nafaqat siyosiy strukturaviy o‘zgarishlar orqali, balki ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy salohiyatning uyg‘onishi orqaligina to‘laqonli amalga oshishini ta’kidlagan. Bu esa uni o‘z davrining nafaqat ma’rifatparvari, balki chuqur falsafiy dunyoqarashga ega g‘oyaviy mutafakkiri sifatida namoyon qiladi.

Ulug‘bek Nazarov,

Samarqand davlat chet tillar instituti mustaqil tadqiqotchisi.