Jadidchilik va Behbudiy: Diniy va dunyoviy bilimlar sohibi
(1-maqola)
Toshkent davlat universiteti (O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida o‘qiy boshlaganimizda sobiq sovet ittifoqida qayta qurish avjga chiqqan, mustaqillik arafasidagi erkinlik nasimlari esayotgan fursatda jadidlar haqida haqiqatlar ochila boshladi. Shunday kunlarning birida matbuot tarixidan dars o‘tgan dotsent bilan Turkiston matbuoti «Iskra» (bolsheviklarning ilk gazetasi)dan boshlanishi borasida rosa bahslashganmiz.
– Aytganlaringni avval ilmiy jihatdan asoslab ber, – deya bahsga g‘olibona nuqta qo‘ygandi marksizm-leninizm g‘oyalari bilan tarbiyalangan domla.
Shu gap turtkisi bilan eski nashrlarni izlab, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada borligini aniqlaganmiz va u yerga maxsus xat orqaligina kirish mumkinligini eshitib, xayoldan «bekorga yashirilmagan», degan o‘y ham o‘tganligi haqiqat. Sirtdan qaraganda bu nashrlar kutubxonaning nodir qo‘lyozmalar bo‘limida asralgan. Bir tomondan, to‘g‘ri qilishgan yashirib. Bizgacha yetib keldi. Alalxusus, o‘sha manzilda bolalikda ko‘rganimiz «Oyina» bilan «yuzlashganmiz», «Samarqand» bilan «tanishganmiz», Behbudiy bilan dillashganmiz, qanday tarixdan voz kechtirilganimizni anglay boshlaganmiz.
O‘tgan o‘ttiz besh yil fursatda kommunist domla ham bu olamni tark etdi. Biroq undan norizo ham emasmiz. Negaki, bu fursat Turkistonning ozodligi uchun kurash tarixi zarvaraqlaridan topganlarimiz – hurriyat orzumandi, millat karvonboshisi, ulug‘ ma’rifatparvar, betakror salohiyat va taqdir sohibi bo‘lgan bobomizning ko‘p qirrali faoliyatidan, donishmandligi, jasorati va matonatidan ogoh etdi.
Mahmudxo‘ja tug‘ilgan paytda Samarqandni chor Rossiyasi o‘z mustamlakasiga aylantirib bo‘lgan edi.
Samarqand madrasalarida tolibi ilmlarga tahsil berib kelgan mudarrislar va ularning oila a’zolari bosqinchilar qatag‘onidan asrash maqsadida Zarafshon daryosi va uning irmoqlari hisoblangan Siyob kanali bo‘ylaridagi vaqf yerlarga ko‘chiriladi.
Muarrixlar ta’kidicha, madrasalar XV asrdan boshlab Movarounnahrda yetakchi o‘quv yurtiga aylangan va ular vaqf hisobiga ta’sis etilgan. Vaqf daromadlaridan madrasalarda mudarrislar maosh bilan, talabalar stipendiya, o‘quv jihozlari va turarjoy bilan ta’minlangan.
Vaqfning nima ekanligini «Islom ensiklopediyasi»da berilgan qisqacha izoh mazmunidan anglash mumkin: «Musulmon mamlakatlarida davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk Vaqfnoma orqali rasmiylashtiriladi. Yer-suv, uy-joy, maktab, masjid, shifoxona va boshqalar vaqf mulki bo‘lishi mumkin... Vaqf mulkini shariat qonuni bo‘yicha davlat boshlig‘i yoki qozi nazorat qiladi».
Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li ham Zarafshon daryosi yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘iga o‘rnashib, u yerda imom-xatiblik qiladi.
Tarixchi va arxeolog olim Amriddin Berdimurodovning o‘rganishlari natijasida ma’lum bo‘ldiki, chor Rossiyasi 1868 yil Samarqandni bosib olguniga qadar dushmanga qarshi kurash masalasida aholi ikki guruhga bo‘linib qoladi. «Birinchi guruh: savdogarlar, boylar hamda shahar rahbarlari urushsiz taslim bo‘lish tarafdori edilar. Ikkinchi guruh: dindorlar, madrasalarning talabalari va oddiy xalq yovga qarshi oxirgi tomchi qon qolguncha kurashish tarafdori edilar» (Berdimurodov A. G‘oliblik yodgorligi yoxud Samarqandning oqposhsho tomonidan bosib olinishi // «Turkiston» gazetasi, 1992 yil 18 avgust).
Olimning ta’kidicha, kurashni maqsad qilganlar mahalliy mutasaddilar (birinchi guruh) tomonidan jazolanadilar...
Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li kurashga otlanganlar qatorida bo‘lsa-da, mavjud holatni, ayniqsa, amirlikning harbiy ahvolini, qurol-aslahalar o‘ta eski ekanligini tahlil qilgan oydinlar qatorida bo‘lgan...
Samarqand mustamlakachilar qo‘liga o‘tgach, ularning zulmi nafaqat shahar, balki chekka qishloqlar aholisigacha yetib boradi. O‘z davrining ziyolisi yuzaga kelgan ahvolni ko‘rib, anglab avomdan-da qattiqroq aziyat chekadi. Ota-ona ana shu dardlarni shuurlarida olib yurgan kezlarda Mahmudxo‘ja dunyoga keladi. Alalxusus, yurt qayg‘usi ota pushti kamaridan, ona sutidan farzandiga o‘tadi, voyaga yetkazadi.
Mahmudxo‘janing ulg‘ayish davrini batafsil yoritish uchun ancha sahifalar sarf bo‘ladi. Shu bois otasi va oila atrofidagi (tog‘asi) muhit ta’sirida o‘qib, qanday tarbiya topganini uning shogirdi hamda izdoshi Hoji Muin maqolasidan iqtibos keltirish bilan kifoyalanamiz:
«Behbudiy afandi 6–7 yoshg‘a kirgach, o‘zining katta tog‘asi Muhammad Siddiq huzurida o‘qub xat va savodini chiqardi. So‘ngra o‘zining otasi Behbudxo‘ja qori qildurmoq maqsadi bilan unga oz-oz Qur’on o‘rgatib, yodlata boshladi. 3–4 yil ichida Behbudiy afandi Qur’onni butun yodladi va ramazon kechalarida xatmlarg‘a o‘tub yurdi. Behbudiy afandi uch kechalik bir xatmda yolg‘uz birgina xato qilg‘on, derlar. Bu esa uning quvvai hofizasi na darajada ekanligini ko‘rsatadi» (Hoji Muin. Mahmudxo‘ja Behbudiy // «Uchqun» jurnali, 1923 yil, 1-son).
Xatmi Qur’on zamonaviy izohlarda «Qur’onni batamom o‘qish va shu munosabat bilan o‘tkaziladigan diniy marosim. Ramazon oyida, tarovih namozida Qur’oni karimni avvalidan oxirigacha tilovat qilib chiqilishi ham Xatmi Qur’ondir», deyiladi. Hoji Muindan olingan iqtibosda Behbudiyning muqaddas kitobimizni boshidan oxirigacha o‘qiganligi anglashiladi. Xalqda har bir davrning o‘ziga xos qiyoslari bo‘ladi. Mahmudxo‘janing uch kechalik xatmda birgina xato qilgani o‘z davri uchun ham, bugungi davr islom olami uchun ham ahamiyatlidir.
Kelgusida «Muxtasar tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Amaliyoti islom» kabi qo‘llanmalarni yaratishi uning islom dini tarixi va dunyo bo‘yicha amal qilishi borasida ham katta bilimga ega bo‘lganligidan dalolat bo‘ladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Mahmudxo‘ja bolaligidan ilmga chanqoq, dunyoning rivojlanishiga omil bo‘lgan yangi bilimlarni o‘zlashtirishga harakat qilgan. Boshqacha aytganda, Qur’oni karimni yod olgach, keyingi bosqichda zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga kirishgan. Fikrimiz isboti sifatida Hoji Muindan ko‘chirma keltirishda davom etamiz.
“Behbudiy afandi yolg‘uz qoriliq bilan qanoatlanmay, 15 yoshlarida o‘zining tog‘asi mufti mulla Odil huzurida dars o‘qurga kirishdi. Arabiy sarfu nahvdan «Kofiya» va «Sharhi mullo»ni, mantiqdan «Shamsiya»ni, fiqhdan «Muxtasar ul-viqoya»ning birinchi daftarini va biroz «Hoshiya»ni mazkur zotning halqai tadrisida o‘qudi. Hisob ilmini ham (masohatg‘acha) shul kishidan o‘rgandi” (Hoji Muin. Mahmudxo‘ja Behbudiy // «Uchqun» jurnali, 1923 yil, 1-son).
Shuningdek, Behbudiyning o‘zi Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsil olganligini «Turkestanskiye vedomosti» gazetasi muxbiriga bergan intervyusida ta’kidlaydi. Bugungi nuqtai nazar bilan qaraganda, u oliy ta’lim tizimining kamida bakalavr va magistr darajasini yoqlagan. Ustozi mufti mulla Odilning so‘ziga ko‘ra, Behbudiy yoshlik chog‘ida o‘tkir zehnli va o‘qib-o‘rganishga ishtiyoqi juda baland bo‘lgan. Ustozining bir marta o‘rgatishi uning xotirasida muhrlangan. «O‘zi g‘oyat halim, adablik, oz so‘zlik va o‘yin-kulguni sevmayturg‘on bo‘lg‘on» (Hoji Muin. Mahmudxo‘ja Behbudiy // «Uchqun» jurnali, 1923 yil, 1-son).
Halim SAIDOV, filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor).