Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Samarqandga keldi
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha: “Global darvoza” konferensiyasida ishtirok etish uchun Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya Samarqandga tashrif buyurdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Kunio Mikuriyani Samarqand xalqaro aeroportida joriy yildan ishga tushirilgan “Bojxonachisiz nazorat” tizimi bilan yaqindan tanishtirdi.
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab, mamlakatimizda ilk bora Samarqandning yangi zamonaviy xalqaro aeroportida “Masofaviy bojxona nazorati” yoki sodda qilib aytganda bojxonachisiz nazorat tizimi ishga tushirildi.
Yangi tizim nazorat kameralari va parvoz haqidagi oldindan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali yo‘lovchilar va ularning yuklarini bilvosita bojxona nazoratidan o‘tkazish imkonini beradi. Shuningdek, chet ellik sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ichki hududda “Duty free” – bojsiz savdo do‘konlari ishga tushirila boshlandi.
Aeroportda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish jarayonlarini kuzatar ekan, Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi O‘zbekistonda bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi va hech ikkilanmasdan tashkilotga a’zo ko‘plab mamlakatlarga namuna sifatida ko‘rsatish mumkinligini qayd etdi.