Jahon san’ati namoyandalari: Afsonaga aylangan Chaplin
Shunday odamlar borki, qahramon deb ham aytolmaysan, buyuk deb aytish ham xayolinga kelmaydi. Biroq ularning taqdiri, hayot faoliyati bizni doim yashashga ilhomlantirib turadi. Kichkinagina odamcha - Charli Chaplin qaysidir xislati bilan har birimizga o‘xshaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak uning rollari hozirgacha jahonda sevimli. Ulug‘ aktyor 88 yil umr kechirdi. Biz undan nimalarni o‘rganishimiz mumkin? «MN» (2021 yil, 34-son) shu haqda hikoya qiladi.
Charli 1889 yilda Londonda badavlat bo‘lmagan aktyorlar oilasida dunyoga keldi. Otasi uydan ketib qolganida u atigi bir yoshda edi. Bir necha yildan keyin sirk artisti bo‘lgan onasi ruhiy xastaliklar kasalxonasiga yotqiziladi. Qarovchisiz qolgan Charli va akasini yetimxonaga jo‘natishadi.
Keyinchalik 8 yoshda Charli gazeta sotadi, bosmaxonada ishlaydi. Badavlat bo‘lish uchun cho‘chqachilik bilan shug‘ullanishni orzu qiladi. Biroq taqdir unga boshqa mas’uliyatli, sharafli, mashaqqatli yo‘lni ravo ko‘radi.
Hali o‘n yoshga to‘lmasdan, ansamblda zilday choriqni kiyib, raqsga tushdi. So‘ngra F.Karno teatriga – sirkka ishga kirdi. Bu yerda kuniga oladigan ikki pens bir burda nonga zo‘rg‘a yetardi. 16 yoshda sirkda haftada unga uch funt to‘lay boshlashdi.
O‘zi bilmagan holda u tanilib borardi. Amerikada safarda bo‘lganida kinoda ishtirok etdi. Ammo mashhur Charli obrazi – katta ishton, kichik shlyapa, yirtiq botinka, qo‘lda hassa, o‘ziga xos harakat va kulgili qadam keyinchali o‘nlab qisqametrajli lentalarda dunyoga tarqaldi. 1918 yilda Charli kino san’atining eng mashhur arboblaridan biriga aylandi. 1919 yilda “United Arited” kino kompaniyasi unga muassislik qildi. Bu unga o‘z filmlarini to‘liq nazorat qilish imkoniyatini berardi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida u fashistlarga qarshi maqolalar yozdi. Frontga otlangan askarlar oldida nutq so‘zladi. 1952 yilda Charli oilasi bilan Angliyaga safarga keldi. Okeanda suzib kelar ekan, aktyor AQShga qaytish huquqidan mahrum bo‘lganini angladi. Qolgan umrini Shveysariyada o‘tkazdi.
«Amerikadan hazar qilaman, agar Iso payg‘ambar prezident bo‘lganida ham men u yerga qaytib bormasdim», degandi u. Uning bunday deyishiga sabab, 1957 yilda suratga olingan «Qirol Nyu-Yorkda» komediyasida o‘z qirolligidan quvilgan Qirol Shedov obrazini yaratgan edi. Filmni AQShda namoyish qilish taqiqlandi. Unda amerikancha hayot ro‘y-rost fosh etilgan edi.
Chaplinning har bir filmida bunday qaraganda hayotiy «Gonkonglik grafinya» komediyasi bo‘lib, Sofi Lorn va Marlan Branda ishtirokida yaratilgan. Chaplin 1971 yilda Kann festivali, 1972 yilda Venetsiya kinofestivallari va «Oskar» sovrinlariga sazovor bo‘lgan. Charli Chaplin to‘rt marta uylangan, 12 farzand ko‘rgan. U 1977 yil 25 dekabrda vafot etdi. U yaratgan va bosh rollarda o‘ynagan o‘nlab filmlar yuksak kino san’ati namunasi sifatida bugun ham kino muxlislari tomonidan sevib tomosha qilinmoqda.
T.ShOMURODOV tayyorladi.