Jahonga o‘zligin faxr eta olgan, oddiy o‘zbeklarning Samarqandisan!

Shukur Sodiq 1959 yilda Nurobod tumanining Jarquduq qishlog‘ida tug‘ilgan. Jarquduq o‘sha paytlari Narpay tumaniga qarashli edi.

Shukur maktabda o‘qib yurgan davridayoq fikri teran, adabiyotga havasmand yigitcha edi. U qalban Narpayga, Islom shoir Nazar o‘g‘lining adabiy merosiga, uning vorislaridan biri - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Otayorga intilib turardi.

Esimda, Otayor akaning Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi xonadoniga Shukurni qishloqning kayvonilaridan biri - Duman aka degan oqsoqol yetaklab kelgandi. Otayor aka uning bola qalbidan quyilib tushgan she’riy namunalarni o‘qib, ko‘zlari yashnab, tumanimizdan yana bir iste’dod kashf qilinganidan quvonib, do‘stu birodarlariga Shukurjonni tanishtirib, katta adabiyot maydoniga yetaklab kirdi.

Ko‘p o‘tmay, Shukur zamonamizning dovrug‘li shoirlari bilan uchrashdi, ulardan ulgu oldi, o‘z o‘rnida teran ma’noli she’rlar yozadigan Shukurni ham katta shoirlar tan oldi. Birin-ketin uning “Isyonkor daraxtlar”, “Yoriltosh”, “Tayanch nuqtasi”, “Bahor inqilob qil”, “Sog‘inib keldim”, “Istiqlolnoma”, “Hurlik saltanati” kabi kitoblari nashrdan chiqdi. Muxlislar Shukur Sodiqning she’rlariga maftun bo‘ldi, yod olib, davralarda aytib yurdi. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo qilindi.
Afsuski, Shukurning umri qisqa ekan, dunyoga yonib kelib-yonib ketdi – 2016 yilda vafot etdi. Ammo uning qalb yolqini she’rlarida uzoq yashaydi. Qadrdonimiz merosini tergilab nashr qilish, vaqti-vaqti bilan elga tortiq qilib turish ortda qolganlarning ishi. Shukurning oxirati obod bo‘lsin!

O‘ktam MIRZAYoR.

***

QIShLOQDAN KETAYoTIB YoZILGAN ShE’R
Kipriklari tortildi kamon,
Mavhumlikka uchib ketdi o‘q.
Bir so‘z tegdi yurakka yomon,
"Xayr endi, qaytishga yo‘l yo‘q".

Majruh dilim dog‘larni yuvib,
Olmoqchidek boqdi Jarquduk,
Bosh eggancha hammaga kulib,
Dedim, xayr, qaytishga yo‘l yo‘q.

Armonimday ulkan, o‘rkachli,
Huv, qirlarda qoldi izlarim.
Xayr, deyman jamalak sochli
Qizlar boshin egib qolar jim.

Baxillikdan semirgan to‘da,
Bayram qiling, keldi chog‘ingiz.
Ichingizdan yetishib chiqqan,
Bir shoirni ko‘rolmadingiz.

- Qishlokda bir bezori kam-da...
Piching qilar bir zot quyidan.
U bilmaydi ayni shu damda
Qizi chiqmay yig‘lar uyidan.

Katta qishloq bag‘riga sig‘may,
Ketdim dunyo kitobin titib...
Tepaliklar ortidan bir qiz,
Ro‘molchasin qoldi silkitib,

Men jim ketdim, bir so‘z demasdan,
Vaqti kelib barin aytaman.
Ona qishloq sen uchun, qasddan
Katta shoir bo‘lib qaytaman!

YoLG‘ON
Sevdim degan yolg‘oning yolg‘on,
Yig‘lab ko‘ngil olg‘oning yolg‘on.
Turnaqator oshiqlar ichra,
Yolg‘izlanib qolg‘oning yolg‘on!

Qoshlaring dor kipriklaringga,
Kiprikdayin osilgim kelar.
Bu dunyoda baxtli odamlar,
Sevib o‘lar, sevilib o‘lar...

Men-chi sevdim, sevilmadim hech,
Yolg‘on bilan to‘ldi quchog‘im.
Yolg‘ondakam kunlarim o‘tar,
Yolg‘ondakam yonar o‘chog‘im.

Ey, ko‘zlari ohu yolg‘onchi,
Ko‘nglim olgan tuyg‘u yolg‘onchi.
Men nima ham qila olardim,
Oh, sendagi qayg‘u yolg‘onchi.

Qalbim yashnar sho‘xliklaringdan,
Bilmam kachon baxtim kuladi?!
Sening go‘zal yolg‘onlaringni,
Qo‘shiq qilib aytgim keladi...

JARQUDUQ
Jarquduq - cho‘l qishlog‘i,
Bittagina tuti bor.
Odamlari jaydari
Yuragida o‘ti bor.
Tut baland va bahaybat
Shamollarga tushar raqs.
Necha zamon tut sabab
Tugamaydi shunday bahs:
Ahmad bobo bu tutni
mening otam ekkan, der.
Bozor bobo bu tutni,
mening to‘ram ekkan, der.
Qilich bobo bu tutni
mening og‘am ekkan, der.
Besh asrdir tut yoshi
Qanday o‘g‘il ekkandir?
Yo bosqinchi bir arab,
yoki mo‘g‘ul ekkandir?
Hamma or deb talashar,
ko‘zni ko‘zga tikmasdan.
O‘tdi qancha avlodlar
bitta nihol ekmasdan.
Nihoyat, shu donishlar
bir olimni alqagan.
Olim debdi: hammangiz
bir otadan tarqagan.
Buni aniqlash uchun
Arralashdi daraxtni
Ogohlikka chaqirib,
Barcha aqli karaxtni.

SAMARQAND QASIDASI
Yurtim, ta’rifingga topolmadim so‘z,
«Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast».
Sening shunday buyuk minorlaring bor.
O‘zbek to‘g‘asini ko‘tarolgan dast.

Sen hali Maroqand bo‘lib yaralmay,
Omonqo‘tonda joy olganda ruhing.
Zarafshon sohilin makon ayladi,
Ajdodlar ongida yongan shukuhing.

Massaget, saklar-ku ko‘hna shajaram,
Vaqt zamon himmatin so‘ramay o‘tdi.
Sen hali o‘zliging topolmay turib,
Fotihlar tuprog‘ing changalda tutdi.

Joningga qasd aylab turganda qilich,
Spitamen bo‘lib turgan bo‘ronsan.
Otashga sig‘inib, otashda yongan
O‘zbekning o‘zagi - bobo Turonsan.

Falak charxpalagi sudralib, sekin,
Qonli asrlarni kelganda boshlab.
Sen yurding darbadar, quvg‘indi xalqim,
Urgut tog‘larida ko‘zlaring yoshlab.

Qutayba, Chingizxon xor etdi seni,
Otlar tuyog‘idan bag‘ring qontalash.
Kulkapangdan asta xo‘rsinib boqding,
G‘animat boyliging qildi xomtalash.

Lekin sen emasding qo‘rqoq, yuraksiz,
Dushmanni lol etgan nomus-orimsan.
O‘zicha Hurriyat yaratmoq bo‘lgan.
Dorga tik boruvchi sarbadorimsan.

Muhabbating buyuk, g‘azabing o‘tkir,
G‘azabdan yaratding devkor Temurni.
Mehru muhabbat-la berding ko‘plarga,
Ulug‘bek ongida yongan shuurni.

Dunyo shaharlarin sultoni atab,
Seni yaratdilar, ey, Samarqandim!
Zarxal naqshlarga mangulik berib,
Poyingda jon bergan qay jigarbandim.

Bugun ajdodlarim ruhi barhayot,
Sen jamol kasb etding ajib, rang-barang.
Xalqim o‘z g‘ururin aylab namoyish,
Barchaga darvozang ochib qo‘ygan lang.

Olis bobolarning buyuk san’ati -
“Zanjirband sher” bo‘lgan orzu, alamdir.
Sen jangda yo‘qotgan qilich va qalqon
Navoiy qo‘lidan tushmas qalamdir.

Bugun iqbolingda porloq yulduzlar,
Ozodlik tuyg‘usi senga yor bo‘lsin.
Dunyoda tengi yo‘q qubbalaringda
Ajdodlarim ruhi doim bor bo‘lsin.

Sen mening g‘ururim, sen mening shonim,
Xalqim tafakkurin bitta bandisan.
Jahonga o‘zligin faxr eta olgan,
Oddiy o‘zbeklarning Samarqandisan.
Shukur Sodiq.