Jahonning ikkinchi iqtisodiyotiga aylanish yo‘lida Xitoyda amalga oshirilgan islohotlar
Xitoy davlatining modernizatsiyasi tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Ma’lumki, qadimgi davlatda miloddan avvalgi uchinchi ming yillikda kishilar o‘rtasidagi munosabatlar “li” normalari asosida boshqarilgan. Xulq-atvor normalari tizimi bo‘lgan “li”da axloqiy munosabatlar odamlarning jinsi, qarindoshlik darajasi, avlodi, yoshi, ijtimoiy maqomiga qarab belgilanadi.
An’anaviy jamiyatda tabaqaviy bo‘linishdan tashqari, qarindosh-urug‘chilik munosabatlari tengsizligi hukm suradi. So‘nggi Xitoy sulolasi kodeksida qarindosh-urug‘chilikning 41 ta turi ko‘rsatiladi.
Qarindosh-urug‘chilik tizimi qadimgi Xitoy davlatchiligi shakllanishidan oldin paydo bo‘lgan. Ammo boshqa xalqlar (shu jumladan, turkiy)dan farqli ravishda, xitoyliklar feodal illatlardan butunlay qutulib olish yo‘llarini topishdi.
Bizningcha, milliy rivojlanishga doimo to‘siq bo‘ladigan eski tuzum illatlaridan ozod bo‘lish uchun har bir davlat, jumladan, O‘zbekiston ham o‘zining kuchli etik qoidalarini ishlab chiqishi lozim, deb hisoblaymiz. Jamiyatda hukm surayotgan “feodal” illatlar toki bartaraf etilmas ekan, an’anaviy va zamonaviy jamiyat, yangilik va eskilik tarafdorlari o‘rtasidagi ziddiyatlar jangi kuchayib boraveradi.
Buyuk faylasuf Konfutsiy (miloddan avvalgi 551–479 yillar)ning xizmati shunda ediki, u “li” qoidalarini davlat boshqaruviga tatbiq etdi va ijtimoiy tabaqalanish asoslarini yaratdi. Milodning III-VIII asrlarida huquq tizimi konfutsiylanishi tufayli “li” axloqiy qoidalari huquqiy normalarga ko‘chib, uni buzuvchilar jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.
Qonun normalari bilan diniy tasavvur uyg‘unlashgan Konfutsiyning axloqiy-siyosiy mafkurasi xalqning mentaliteti, geniga singdirildi. “Agar jamiyat qonunlar yordamida boshqarilib, jazolash orqali tartibot ta’minlansa, odamlar jazolanishdan qochadi va or-nomusni his qilmaydi; “de” (ma’naviy-axloqiy tizim) orqali boshqarilib, qadriyatlar orqali tartibot olib borilsa, hamma or-nomusni his qiladi, halol va sofdil odamga aylanadi”, degan odil xulosaga keladi u.
Mazkur tizim Xitoyda bugungi kunga qadar jamiyat a’zolari o‘rtasida ahillik hamda farovonlikni ta’minlab kelmoqda.
Mazkur nozik jihatlarni tahlil qilgan Janubi-sharqiy Osiyo modeli targ‘ibotchisi, Singapur islohotlarining asoschisi Li Kuan Yu “Xitoyliklar oldin qayta qurishni amalga oshiradi, so‘ng oshkoralikka o‘tadi. Ular buni chiroyli ketma-ketlikda amalga oshiradi. Ruslarning eng katta xatosi shu qoidani buzishidir” deydi.
O‘tgan asrning 80-yillarida sobiq ittifoq rahbari M.Gorbachevning xalqning tayyorgarligisiz boshlagan “oshkora”ligi ulkan hududda boshboshdoqlik va egasizlikni boshlab bergandi.
Islohotlar evolyusiyasi
Xitoy modernizatsiyasi evolyusiyasi tizimli va bosqichma-bosqich o‘tgan. Dastlab inqilobchi-demokrat Sun Yatsen (1866–1925) avtoritar siyosiy tizimni demokratik tizimga o‘zgartirishni xohladi. Lekin oraliq bosqichlar orqali o‘tmoqchi bo‘lganida, islohotlar to‘xtadi.
Xitoy Xalq Respublikasi asoschisi Mao Szedun (1893-1976) tashabbusi bilan 1960-1970 yillarda amalga oshgan “Katta sakrash” va “Madaniy inqilob” kampaniyalari ham shoshma-shosharlik bilan o‘tkazilib, yurt boshiga kulfatlar yog‘dirdi.
“Yo‘qsillar otasi” 33 yillik rahbarlik faoliyatida (1943-1976) xizmati shunda bo‘ldiki, og‘ir damlarda G‘arb imperiyalarining hamlalariga chap berib, yaxlitlikni saqlab qoldi. “Buyuk dohiy” vafotidan keyin mamlakat tepasiga ishning ko‘zini biladigan arbob Den Syaopin (1904-1997) kelgandan keyin haqiqiy islohotlarni boshlab yubordi. Qizil shiorlar, balandparvoz chaqiriqlar bilan xalqni to‘ydirib bo‘lmasligini anglagan yetakchi iqtisodiyotni erkinlashtirdi, sotsialistik jamiyat tizimiga kapitalistik bozor munosabatlarini dadil olib kirdi. Xususiy mulk davlat va jamoat mulki deb e’lon qilindi, xorij sarmoyadorlariga bir qator imtiyozlar berildi. “Ochiq eshiklar” siyosati olib borildi. Den Syaopin rahbarligi davrida rahbariyat bosh maqsadi “sotsializmni ag‘darish emas, balki uni takomillashtirish va yangilash bo‘ldi”. U totalitar tizimni mukammal demokratik tizimga almashtirdi.
Den Syaopin siyosiy modernizatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Kommunistik partiya bosh kotibi, XXR Davlat kengashi raisi o‘rinbosari (1956-1966), KP Harbiy kengashi raisi lavozimlarida uzoq yillar ishlab, obro‘-e’tibor qozongan Den 1956 yil sentyabrda Xitoy KP VIII s’yezdida so‘zlagan nutqida jamiyatni demokratlashtirish, partiya organlari va hokimiyatning ma’muriy organlari vakolatlarini taqsimlash, “boshqaruvchilar – boshqariluvchilar” tizimini buzish, “dohiylik” kasalidan qutulish kabi tashabbuslar bilan chiqdi.
Biroq fikrlari inobatga olinmadi va o‘tgan asrning 50-yillari o‘rtalarida kutilgan islohot 20 yilga kechikdi – Den Syaopin va xitoy xalqi taqdirida u “achchiq” yigirma yilga aylandi. 1966-1969 yillardagi “madaniy inqilob” paytida Den va uning maslakdoshlari qatag‘on qurboniga aylandi. Den 1973 yilda oqlanib chiqdi, 1976 yilda esa barcha hokimiyatni o‘z qo‘liga qaytardi.
Syaopin islohotni qishloq xo‘jaligidan, maocha “xalq kommuna”lari tizimini bekor qilishdan boshladi. Kapitalizm yo‘li tanlanib, iqtisodiyotda bozor mexanizmlari qo‘llangach, xorijiy investitsiyalar kirib kela boshladi. 1978 yil 13 dekabrdagi bayonot demokratiya sari tashlangan ulkan qadam edi. “Tyananmen qushxonasi” degan nomni olgan fikrlari quyidagicha edi: “Xalqimizga o‘z fikrini aytishga ruxsat beraylik! Agar mavjud tartibotdan norozi odamlar demokratiyadan foydalanib, tartibsizlikni keltirib chiqarmoqchi bo‘lsa, bu unchalik qo‘rqinchli emas. Ularga qarshi zarur choralarni qo‘llaymiz, ommaning ko‘pchilik qismini to‘g‘rilik bilan xatolikning farqiga borishga ishontira olamiz”.
Syaopin modeli
Syaopin demokratiyada to‘rtta asosiy tamoyil: markazlashtirish, qonun ustuvorligi, qattiq tartib-intizom, partiya rahbarligidan chetga chiqmaslikka hammani chaqirdi. Bu masalada xatoga yo‘l qo‘yish demokratiyaning bekorchi safsatalariga, ultrademokratizm tarqalishiga, jamiyatda anarxiyaga, siyosiy barqarorlik buzilishiga, mustahkam birlikning barbod bo‘lishiga olib keladi, dedi. Bu davrni tadqiq qilgan o‘zbek olimi va jamoat arbobi S.Safoyev mamlakatda o‘sha paytda modernizatsiyaning “uch bosqichli” strategiyasi ishlab chiqilganini aytadi. “Birinchi bosqichda YaIMni 1980 yilga nisbatan ikki baravar ko‘paytirish, aholini oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlar bilan ta’minlash masalasini hal qilish rejalashtirildi, – deydi u. – Ikkinchi bosqichda 2000 yilgacha YaIMni ikki baravar oshirish va turmush darajasini “kichik farovonliklar” (bu sof xitoycha tushuncha bo‘lib, boy bo‘lmasa ham har qalay, o‘ziga to‘q yashash imkonini beradigan to‘qchilik darajasini bildiradi –B.O.) darajasiga yetkazish mo‘ljallandi. Nihoyat, uchinchi bosqichda XXI asr o‘rtalarigacha modernizatsiyani yakunlash, “kichik farovonlik” jamiyatidan (2020 yil) modernizatsiya qilingan jamiyatga o‘tish ko‘zda tutildi” (S.Safoyev. “Markaziy Osiyodagi geosiyosat”. – T.:JIDU, 2005. – B. 113).
Sharqda siyosat va axloq dolzarb masala hisoblanadi. Bu o‘ta mas’uliyatli ishda Xitoy g‘arbga nisbatan “yumshoq og‘ish”ni istamadi va ta’lim-tarbiyani mafkuraga to‘liq bo‘ysundirdi. Bizning ta’rifimizdagi “milliy g‘oya”ga e’tibor haddan kuchaydi. Chunki tarbiya – hayot-mamot, saodat yo falokat masalasi ekanligini Syaopin chuqur tushunardi. Shunday qilib, 1980 yillar o‘rtalarida “Beshta sevaman” iborasi: “mamlakatni sevish”, “xalqni sevish”, “mehnatni sevish”, “ilmni sevish”, “sotsializmni sevish” shiorlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Turgan gapki, ular tezda o‘zining shirin mevalarini berdi. Syaopin islohotlarni aholining 80 foizi yashaydigan qishloqda oila pudrati tizimini joriy etishdan boshladi.
Dehqon xo‘jaliklariga jamoa yeri 15 yilga ijaraga berilib, keyinroq 30 yilgacha uzaytirildi. Mahsulotning bir qismini olib qolgan yer egasi uni bozor narxida sotish huquqini qo‘lga kiritgandan keyin dehqonlarning daromadlari tezda ko‘paydi: ular g‘allani chetdan sotib oluvchidan eksport qiluvchi davlatga aylandi. Tanlangan yo‘lga ishongan rahbariyat tajribasini endilikda shaharlarda qo‘lladi. 1984 yili sanoatda bozor iqtisodi tamoyillarini tatbiq etishga kirishildi. O‘shanda davlat sektori korxonalari markaziy hukumat va mahalliy ma’muriyatga bo‘ysungan. Syaopin korxonalarga ishlab chiqarishni kengaytirish va bozor kon’yukturasiga moslashish borasida to‘liq erkinlikni berdi. Mahalliy hokimiyat nazorati kamaydi, davlat sektori ulushi pasayib, uning o‘rnini xususiy sektor egalladi.
Asli - bu ulkan mamlakatda tinch yo‘l bilan amalga oshgan inqilob edi! Syaopinning siyosiy modernizatsiyalash siyosati jamiyat hayotida, turmush tarzida siljishga olib keldi. Biroq kapitalistik davlatlar Xitoyga demokratik chaqiriqlar bilan bosim o‘tkazar edi. Da’vatkor “talab”lar jamiyatda G‘arb siyosatdonlariga norozilikni kuchaytirib yubordi. “Burjua liberalizmi”ni tanqid qilish yuzasidan 1986 yilda kompaniya avj oldirildi.
Sentyabr oyida XKP MK ning 12-chaqiriq oltinchi plenumida Syaopin quyidagi fikrlarni ilgari surdi: “Chet eldagi burjuaziya olimlari bizdan erkinlashtirishni kutish baravarida inson huquqlari buzilayotgan emish, deb jar solishmoqda. Ular milliy qadriyatlarimizga G‘arb g‘oyasini qarshi qo‘yib, jamiyatimizni tubdan o‘zgartirishga urinmoqda. Biz hech narsaga e’tibor bermaymiz: real holatdan kelib chiqib, muammolarni o‘zimiz yechaveramiz”.
Ammo keyinroq ma’lum bo‘lishicha, “Liberalizm masalasida Syaopin ehtiyotkorlik pozitsiyasini egallagan. Demokratik islohotlarni esa uning safdosh do‘stlari Xu Yaoban va Chjao Sziyanlar amalga oshirgan”. Ammo davlat rahbarining ehtiyotkorligi bejiz emas edi. U siyosiy xato qilishni istamasdi: “Daryoni kechib o‘tishda oyoq tagidagi toshlarni ham paypaslab ko‘rish kerak”, degan fikrlar ham Syaopinga tegishli edi. U ham kommunist, ammo pragmatik bo‘lib, Xitoyni rivojlantirishga intilar, “hamonki mushuk sichqonlarni ovlar ekan, uning qora yoki oqligi muhim emas”, deb hisoblar edi. Natija – bugungi biz ko‘rib turgan Xitoy bo‘ldi. O‘ttiz yil muqaddam u uchinchi dunyo mamlakati edi. Bugungi kunda esa Xitoy – jahonning ikkinchi iqtisodiyotiga aylandi.
Xitoy istiqboli
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2011-2014 yillari Xitoyda iqtisodiy o‘sish 24 foizni tashkil etdi. Jahon bankining ta’kidicha, 2014 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM) bo‘yicha AQShni ortda qoldirib, peshqadamga aylandi: Xitoy – 17,6 trillion, AQSh – 17,4 trillion dollar. Xitoy jamiyatida fikriy uyg‘onish, intellektual yuksalishni kuzatish mumkin.
Masalan, ixtirolarga berilgan patentlar soni bo‘yicha jahonda u birinchi o‘ringa chiqdi. Ayni paytda g‘arb mamlakatlarida 300 mingdan ziyod xitoylik talaba tahsil olmoqda. Ilmiy tahlilimizga ko‘ra, Xitoyda islohotlar samaradorligi asosan ushbu omillarga bog‘liq: birinchidan, modernizatsiyalash uchun barqaror shart-sharoit yaratildi; ikkinchidan, siyosiy islohotlarni o‘tkazishda milliy qadriyat, urf-odat va xususiyat hisobga olindi; uchinchidan, xalq fenomenal darajada mehnatkash; to‘rtinchidan, ishchi kuchi nihoyatda arzon; beshinchidan, sotsializm yo‘lidan “og‘ish” o‘z vaqtida G‘arbda iliq kutib olinib, qo‘llab-quvvatlandi; oltinchidan, xorijdagi 75 million muhojir (Gonkong, Tayvandan tashqari) mamlakatga yiliga 75 milliard dollardan ziyod mablag‘ keltirmoqda.
O‘zbekiston-Xitoy aloqalari
Tarixiy imkoniyatlar haqida so‘z borar ekan, eramizdan ikki asr muqaddam hududimizga xitoylik diplomat Chjan Szyan kelganligi va Buyuk Ipak yo‘liga asos solganligini esga olish lozim. Endilikda xitoyliklarning “Bir makon, bir yo‘l” deb nomlangan global tashabbusi orqali qit’alarni birlashtiruvchi magistral qayta tiklanmoqda.
“Bir makon, bir yo‘l”ni qurish bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘nalishida muhim natijalar qo‘lga kiritildi. Xitoy — Markaziy Osiyo gaz tarmog‘i, Angren-Pop temir yo‘l tunneli, “Peng-Sheng” sanoat parki, Angren IES kabi yirik loyihalar ro‘yobga chiqarildi hamda bu har ikki mamlakat xalqi va iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirdi. Ayni vaqtda Angren shina zavodi, Navoiy viloyatida polivinilxlorid ishlab chiqaruvchi majmua, Sharg‘un ko‘mir koni hamda boshqa inshootlar qurilayapti. 2017 yil oxirida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston yo‘nalishida avtomobil yo‘li ochilishi tufayli yuk tashish uchun ketadigan vaqt ancha qisqardi.
O‘zbekiston — qadimiy Buyuk Ipak yo‘lidagi muhim bo‘g‘inlardan biri. U “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi va ishtirok etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil may oyida Xitoyga tarixiy tashrifi doirasida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Davlat tashrifi yakuniga ko‘ra, mislsiz katta miqdor – 23 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi.
Xitoy va O‘zbekiston tomonlari o‘sha tashrifda imzolangan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor beryapti. O‘zbek tomoni ularni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi hamda unga asosan, uzviy muloqot o‘rnatildi, tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazildi. XXR o‘zbek mutaxassislarining Xitoyga ishchi safarlarini uyushtirdi va ular maxsus iqtisodiy zonalar tashkil qilish tajribasi bilan tanishdilar. Jumladan, o‘rta hamda kichik GESlar qurilishida siljishlar yuz bermoqda.
Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari an’anaga aylandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov 1992, 1994, 1999, 2005, 2011, 2012 yillarda, Prezident Sh.Mirziyoyev 2017 yilda Xitoyga tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentlari Shanxay hamkorlik tashkiloti yig‘ilishlari va boshqa yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etishdi. XXR raislaridan Szyan Szemin (1996 yil), Xu Szintau (2004, 2010 yillar), Si Szinpin (2013 yil, 2016 yil (ShHT Toshkent sammiti chog‘ida) O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurdi. XXR Raisi Si Szinpin 2016 yil 20 iyunda O‘zbekiston bilan bo‘lgan munosabatlarga to‘xtalib “Xitoy bilan O‘zbekiston manfaatlari va taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni birgalikda baham ko‘radigan teng huquqli hamda o‘zaro manfaatdor sheriklardir”, deb ta’kidladi.
O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (2001 yil iyunda tashkil etilgan) doirasida ham muvaffaqiyat bilan samarali rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston ShHTni tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga, birinchi navbatda, xalqaro terror, diniy ekstremizm, bosqinchi ayirmachilik va narkobiznes kabi mintaqaviy va dunyoviy xavfsizlikka tahdid soladigan xavf-xatarga qarshi turishda ochiq, o‘zaro foydali sheriklik va ko‘p tomonlama hamkorlikka qaratilgan mexanizm deb biladi.
ShHT barpo etilgandan buyon o‘tgan 15 yil davomida haqli ravishda nufuzli xalqaro tashkilotlar qatoridan munosib joy oldi. Barqaror taraqqiyot, tinchlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, mintaqaviy va global darajada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning ta’sirchan omiliga aylandi.
Ikki mamlakatning hududiy delegatsiyalar almashuvi faollashdi. 2018 yil aprel-may oylarida yuqori darajadagi delegatsiyalar tashrifi davomi sifatida O‘zbekistonning 7 ta viloyatidan vakillar Xitoyga bordi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil yakuni bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 5,0 milliard AQSh dollariga yetdi.
Biz ikki tomonlama amaliy hamkorlikning ulkan salohiyati hamda keng imkoniyatiga ishonamiz.
Baxtiyor OMONOV,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti, siyosiy fanlar doktori.